Germaniyada rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov yashagan villa sotuvga qo‘yildi, deb xabar berdi Münchner Merkur gazetasi.

Obyekt 25 million yevroga baholandi, bu uni 1996-yildan beri Germaniyada ko‘chmas mulk savdosi bo‘yicha ma’lumotlarni to‘playdigan Immowelt agregator sayti tarixidagi eng qimmat ko‘chmas mulkka aylantirdi. Villa avvalgi reyting yetakchisidan deyarli 10 million dollarga qimmatroq. Uyda to‘rtta yotoqxona, 750 kvadrat metrli hammom va 20 metrli basseyn mavjud.

Tadbirkor Alisher Usmonov villadan 2011-yildan 2022-yil 28-fevralgacha — Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga uchragan va Germaniyani tark etishga majbur bo‘lgan paytgacha — yozgi qarorgoh sifatida foydalangan.

Sotish to‘g‘risidagi qarorni Volfratshauzen shahri sudi qabul qildi. Arbitraj boshqaruvchisi villaning Men orolida ro‘yxatdan o‘tgan Tegernsee (IOM) Limited ofshor kompaniyasiga tegishli ekanini ta’kidladi. Obyekt 2011-yilda 7,2 million yevroga ofshor tomonidan sotib olingan, shundan so‘ng Usmonov uni haftasiga 77 ming yevro to‘lagan holda kompaniyadan ijaraga olgan. Biroq firma to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib chiqdi va endi uning mol-mulki qarzlarni qoplash uchun sotilmoqda.

Usmonov bilan bog‘liq Germaniyadagi ko‘chmas mulk obyektlarida 2022 va 2023-yillarda tintuv o‘tkazilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ikkala holatda ham politsiya “Dilbar” yaxtasi va Rottah-Egerndagi villaga kelgan. 2022-yilda tergovchilar umumiy qiymati 5 million yevro bo‘lgan hujjatlar va 30 ta rasmni musodara qilgan.

Usmonov mazkur suratlar, shuningdek, tintuv o‘tkazilgan yaxta va villa bilan aloqasini rad etdi. Keyinchalik Germaniyadagi sud tintuvlarni noqonuniy deb topdi. 2023-yil noyabr oyida Frankfurt-Mayn sudi musodara qilingan mol-mulkni qaytarishga qaror qildi.