Bosh prokuratura Toshkent hokimligidan jamoatchilikni chalg‘itmasligini so‘radi. Prokuratura bu murojaatni Toshkent hokimligi 20 nafar fuqaro nomiga katta miqdorda kredit rasmiylashtirib, uni ishlatib yuborgan hokim yordamchisi avvalroq ishdan bo‘shab ketgani haqidagi raddiyasidan so‘ng e’lon qildi.
O‘zi nima bo‘lyapti?
3-fevral kuni Bosh prokuratura Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi M.F. ismli shaxs 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritganini xabar qildi.
Bundan tashqari M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Shu xabardan so‘ng Toshkent shahri hokimligi raddiya e’lon qilib, bu shaxs tuman hokimligida ishlamasligi, u 2024-yil noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra ishdan bo‘shatilganini ta’kidladi.
“Ommaviy axborot vositalaridan axborotni e’lon qilishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz”, — deyiladi hokimlik xabarida.
4-fevral kuni esa Bosh prokuratura M.F. 2022-yilning 7-oktabr kunidan 2024-yilning 29-noyabr kuniga qadar Shayxontohur tumani “Kamolon Darvoza” mahalla fuqarolar yig‘inining mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritib, tuman hokimining 2024-yil 14-dekabrdagi tegishli qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod qilinganini ma’lum qildi.
“Endilikda ushbu xabar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilikni chalg‘itishga qaratilgan xabarlar va bayonotlar e’lon qilinmoqda. Axborot haqqoniy va xolis bo‘lishi zarur”, — deya qo‘shimcha qilgan prokuratura.
Prokuratura M.F. aynan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan davrida muqaddam e’lon qilingan xabardagi qilmishlarni sodir etganini qayd etdi.