Xitoy Amerika ko‘miri va suyultirilgan tabiiy gaz importiga 15 foiz, neft, qishloq xo‘jaligi texnikasi va dvigateli katta bo‘lgan avtomobillar importiga 10 foizli boj joriy etadi. Bu haqda Xitoy Moliya vazirligi ma’lum qildi. O‘zgarishlar 10-fevraldan boshlab kuchga kiradi.

Bayonotda, shuningdek, Xitoy hukumati Google`ga nisbatan monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzish bo‘yicha tergov boshlagani haqida so‘z borgan.

Bundan tashqari, Pekin Jahon savdo tashkilotiga (JST) AQSh harakatlaridan shikoyat bilan murojaat qilganini bildirdi. “AQSh tariflarining bir tomonlama oshirilishi qoidalarni jiddiy buzmoqda. Bu nafaqat o‘z muammolarini hal qilish uchun foydasiz, balki Xitoy va AQSh o‘rtasidagi normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga ham putur yetkazadi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Shuningdek, Xitoy volfram, tellur, vismut, molibden va indiy bilan bog‘liq tovarlarga nisbatan eksport nazoratini kuchaytirmoqda. Bu choralar AQSh prezidenti Tramp tomonidan 2-fevral kuni e’lon qilingan Xitoydan importga 10 foizli boj joriy etilishiga javob bo‘ldi.

2-fevral kuni Tramp Kanada va Meksikadan tovarlar importiga 25 foizli, Xitoydan importga 10 foizlik boj joriy etilishini e’lon qilgandi. Bojlarning kiritilishi “Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiyani to‘xtatish va zaharli fentanil va boshqa giyohvand moddalar oqimini to‘xtatish haqidagi va’dalarini bajarishga majbur qilish” zarurati bilan izohlangan.

Ertasi kuni Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Tramp bilan AQSh bilan chegarani kuchaytirish evaziga bojlarni 30 kunga kechiktirishga kelishib olganini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo AQSh prezidenti bilan xuddi shunday kechiktirish haqida kelishib oldi va chegarani mustahkamlash rejasini amalga oshirishga va’da berdi.