O‘zbekistonda 1-maydan boshlab elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi (kodi TN VED 8703 80) oshiriladi, deyiladi hukumatning 31-yanvardagi qarorida. U “Elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulyator batereyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Hujjatga ko‘ra, ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab uch yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 120 baravari — 45 million so‘m yoki Markaziy bankning amaldagi kursi bo‘yicha 3461,5 AQSh dollarini tashkil etadi. Hozir u 30 BHMga teng.

Ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab uch yildan ortiq bo‘lgan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 210 baravari yoki 78,75 million so‘mni tashkil qiladi — bu taxminan 6058 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi. Hozirda bu yig‘im 90 BHMga teng.

Qarorda qayd etilishicha, utilizatsiya yig‘imini oshirish taklifi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari tomonidan tayyorlangan.

Belgilangan maqsadlar sifatida “„yashil“ texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batereyalarining atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilinishini ta’minlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish” ko‘rsatilgan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2022-yil 19-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga imtiyoz berilgan. 2030-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar utilizatsiya yig‘imlaridan, ularning butlovchi qismlari, qurilmalari, xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan xomashyo va ehtiyot qismlari esa bojxona to‘lovlaridan ozod etilgan.

Shuningdek, investorlarga ishlab chiqarish jarayoni o‘zlashtirilgunga qadar (24 oydan oshmagan) yiliga 10 ming donadan (ishlab chiqarish quvvatlarining 50 foizidan) ko‘p bo‘lmagan elektromobillarni mashinokomplekt (SKD) yoki tayyor avtomobil (CBU) holatida bojxona boji va utilizatsiya yig‘imi to‘lamasdan olib kirishga ruxsat beriladi.

O‘tgan iyul oyida KIA va Chery avtomobillari ishlab chiqaruvchi, shuningdek, gibrid va elektromobil ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirayotgan ADM Jizzakh rahbari O‘zbekistonga elektromobillar importi uchun to‘lovlarni qaytarishni taklif qilgan edi. U avtomobillarni rasmiy diler orqali sotish tartibiga qaytishni ham so‘ragan.

“Gazeta.uz” yozganidek, 2024-yilda birinchi marta O‘zbekistonda elektromobil va gibrid avtomobillar importi hajmi an’anaviy benzinli avtomobillar importidan oshib ketdi. O‘tgan yili umumiy qiymati 1,9 milliard dollar bo‘lgan 80 235 ta yengil avtomobil import qilindi, bunda gibrid va elektromobillarning ulushi (55,8%) benzinlilarga nisbatan (44,2%) ko‘proq bo‘ldi, mutlaq ko‘rsatkichlarda 32,928 taga nisbatan 33,564 tani tashkil etdi.