Toshkent shahri Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi fuqarolar nomiga ko‘p miqdorda kredit ajratib kelgani aniqlandi, deb xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

M.F. 20 nafar fuqaroga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 million so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgan.

U kredit hisobidan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan, ehtiyojmand oila a’zolarining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni tashkillashtirmasdan, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shuningdek, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqaroga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 million so‘m kredit ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik) va boshqa moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.