Qozog‘iston Energetika vazirligi mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasini qurish uchun texnologiya yetkazib beruvchilar short-listini e’lon qildi.
Undan to‘rtta kompaniya joy oldi: Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi, Koreyadan KHNP, Xitoydan KHNP va Fransiyadan EDF.
Tashkilotning ta’kidlashicha, Qozog‘iston delegatsiyasi 2024-yilning oktabridan 2025-yilning yanvarigacha AES ekspluatatsiyasi tajribasi bilan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Janubiy Koreya, Fransiya, Xitoy va Rossiyada bo‘lgan.
“AES qurilishi loyihasi uchun yetkazib beruvchi yoki konsorsium tanlash bo‘yicha yakuniy qaror shu yil qabul qilinadi. Qaror milliy manfaatlar, xalqaro normalar va majburiyatlar, shuningdek, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) tavsiyalarini inobatga olgan holda qabul qilinadi”, — deya ta’kidladi Energetika vazirligi.
Yanvar oxirida bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev stansiya qurilishini tezlashtirishni buyurgan edi.
“Energetika taqchilligi oshib borayotgan bir sharoitda birinchi AES qurilishini jadallashtirish va, umuman, mamlakatda yadro klasterini yaratishga kirishish kerak… Mamlakatimiz atom energetikasiga muhtoj, busiz Qozog‘istonning izchil rivojlanishi so‘roq ostida qoladi”, — degan Toqayev hukumat va parlamentdan ikkinchi AES joylashuvi bo‘yicha takliflar kutayotganini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq Toqayev, shuningdek, Qozog‘iston “atom energetikasi rivojlangan davlatga” aylanishi kerakligini, chunki uning kelajagi buyuk ekanini aytgan edi.
Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyevning bildirishicha, Qozog‘iston o‘zining birinchi AESini loyihalash uchun taxminan 2−3 yil sarflaydi, qurilishning o‘zi esa 8 yildan 10 yilgacha vaqt oladi.
“Umuman olganda, AESning birinchi bloki jiddiy xavf-xatarlarsiz taxminan 10−12 yil ichida quriladi. Lekin biz tushunamizki, texnologiya bir joyda turmaydi, ma’lum yadroviy texnologiyalarni yaratish va takrorlash tajribasi mavjud. Hattoki o‘rtacha global muddatlardan kelib chiqib, biz 8 yil ichida birinchi blokni olishimiz uchun ushbu muddatlarni tezlashtirish imkoniyati haqida rasmiy sotuvchilarga masalani ko‘taramiz”, — dedi Satkaliyev.
Uning ta’kidlashicha, AES qurilishi jarayoni nafaqat mahalliy tashkilotlar, balki xalqaro hamjamiyat, MAGATE va boshqa idoralar nazoratida.
Ikkinchi AES qurish bo‘yicha referendum o‘tkazilmaydi, chunki “bunday ehtiyoj yo‘q”, dedi vazir.
- 2024-yil oktabr oyida Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgandi. Uning qurilishini saylovchilarning 70 foizdan ortig‘i qo‘llab-quvvatlagan.
- Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda mamlakatdagi elektr energiyasining 66 foizi ko‘mir stansiyalarida ishlab chiqariladi. Agentlik prognozlariga ko‘ra, 2035-yilga borib Qozog‘istonda elektr energiyasi iste’moli 152,4 milliard kVt/soatgacha oshadi, mavjud energiya manbalarining ishlab chiqarilishi esa 135 milliard kVt/soatdan kam bo‘ladi.