O‘zbekistonda yaratilayotgan ish o‘rinlarining soxtaligi soliq organlarining axborot tizimlari orqali tekshiriladi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov 3-fevral kuni prezident bilan uchrashuvdan so‘ng “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, hukumat oldiga 2025-yilda 5,2 mln aholini band qilib, 1,5 mln odamni kambag‘allikdan chiqarish, 42 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 30 mlrd dollardan oshirish vazifasi qo‘yilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari yanvar oyida 277 ming fuqaro ishli bo‘lgani, shundan 91 mingi doimiy ishga joylashgani, 153 mingi tadbirkorlikka jalb qilinganini ma’lum qildi.

Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlariga ko‘ra, tomorqalarda “hali ishlatilmagan zaxiralar juda katta”. Hozir ekin-tekin mavsumiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi 850 tadan ortiq mahallada suv ta’minoti yo‘q. Prezident qarori bilan mazkur mahallalardagi suv muammosi 1-martga qadar hal etiladi va buning uchun 250 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

“Bu degani qayerdadir ariqdan tortib kelinadi, qayerdadir qo‘shimcha nasoslar kovlanadi”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, har to‘rtta mahallaga bir nafardan mahalla bankiri biriktirilgan. Bugungi kunga qadar 2500 ga yaqin ana shunday bankirlar faoliyatini boshlagan.

“Zimmamizga joylarda hokim yordamchilari faoliyatiga „yangi bir turtki berish“ vazifasi qo‘yildi. Ular katta kuch, har bir mahallada bittadan bor, 95 foizdan ortig‘i iqtisodchi. Ular kredit, subsidiya, kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘llanma berishni biladi. Endi biz ularning faoliyatiga turtki berib, jonlantirishmiz kerak. Qanday qilib? Masalan, tomorqada ishlarni tashkil qilishni, birinchi navbatda, hokim yordamchilariga yuklayapmiz. Umuman, mahalladagi jami „yettilik“”, — dedi Qo‘chqorov.

Ekish jarayonini “Onlayn mahalla” platformasi orqali kuzatish rejalashtirilmoqda. 1-martdan boshlab ko‘chatlar ekilgan yoki ekilmaganini elektron tarzda ko‘rish mumkin bo‘ladi.

“Yig‘ilishda prezidentimiz yana bir qat’iy topshiriqlardan biri hududlarda bajarilayotgan ishlarning har birining to‘g‘riligi, haqqoniyligini tekshirish bo‘ldi. Hozir amaldagi tartibga ko‘ra, har bir band qilingan aholi tasdig‘ini Soliq qo‘mitasi orqali olamiz. Fevral oyidan boshlab Hisob palatasi ham bu raqamlarni ko‘rib boradi va tasdiq beradi”, — dedi vazir.

Bundan tashqari, prezident maqsadli dasturlar ijrosi yuzasidan har oy mas’ul mutasaddilarning hisobotlarini eshitadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yildan buyon 9309 nafar hokim yordamchilari ish boshladi, ularning vazifalari kambag‘allikni kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishdan iborat.