Vazirlar Mahkamasi 31-yanvar kuni bojxona yig‘imlarining yangi stavkalarini tasdiqladi, shuningdek, xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun yig‘imni joriy etdi. Xalqaro jo‘natmalar uchun yig‘im 1 kg yuk uchun bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizini (7500 so‘m) tashkil etadi. “Gazeta.uz” Bojxona qo‘mitasidan yangi tartibni sharhlashni so‘radi.

Yangi yig‘im nima uchun joriy etildi?

Hozirgi kunda fuqarolar uchun bir kalendar choragi davomida 1000 dollargacha bo‘lgan kurerlik jo‘natmalarini bojsiz olib kirish me’yori amal qilmoqda (yangi yig‘imning joriy etilishi bu tartibni bekor qilmaydi). Bu miqdor oshib ketsa, jismoniy shaxslar boj to‘laydi. Masalan, agar chorak davomida 1300 dollarlik tovarlarga buyurtma berilgan bo‘lsa, limitdan oshib ketgan 300 dollar uchun 30 foiz (90 dollar) yagona bojxona to‘lovini to‘lash kerak bo‘ladi.

Xalqaro kuryerlik jo‘natmalari uchun shu paytgacha qo‘shimcha to‘lovlar undirilmagan. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda bunday jo‘natmalar hajmi sezilarli darajada oshdi, bu esa bojxona infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xodimlar sonini ko‘paytirishni talab qilmoqda. 2019-yilda mamlakatga 541 mingta jo‘natma olib kirilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich deyarli 11 barobarga oshib, 5 mln 736 ming jo‘natmaga yetdi.

1 kg jo‘natma uchun BHMning 2 foizi miqdoridagi yangi yig‘im ushbu yuklarni qayta ishlash va bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplashga yo‘naltirilgan, deb tushuntirdi qo‘mita.

“Yig‘imni joriy etish bojxona punktlari infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilish, xodimlar ishini ta’minlash va texnik jihozlash ishlarini moliyalashtirish zarurati bilan bog‘liq. Bu kuryerlik kompaniyalarining bojxona yuk deklaratsiyalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq xodimlarning harakatlari, shuningdek, olib kirilgan jo‘natmalarga nisbatan nazoratni o‘tkazish uchun yig‘imdir”, — deyiladi xabarda.

Yig‘im qaysi tovarlarga tatbiq etiladi?

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yig‘im barcha xalqaro kuryerlik jo‘natmalariga, shu jumladan, internet-do‘konlardan (Amazon, AliExpress, Temu, Ozon, Wildberries va boshqalar) buyurtma qilingan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Shuningdek, bir jismoniy shaxsdan boshqasiga jo‘natma yuborilganda ham to‘lov undiriladi. Masalan, fuqaro o‘z qarindoshlariga (tanishlariga) jo‘natma yoki sovg‘a yuborsa, kuryerlik kompaniyasi (DHL, FedEx, UPS va boshqalar) yig‘imni to‘lashi kerak bo‘ladi.

Qo‘mita “kamsitish bo‘lmasligi” uchun barcha xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun yig‘im joriy etilayotganini tushuntirdi.

Yig‘imni kim to‘laydi?

Qo‘mita vakili so‘zlariga ko‘ra, yig‘imni to‘lash kuryerlik kompaniyalari zimmasiga yuklanadi, ular jo‘natmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bojxona organlariga taqdim etadi. Bu shuni anglatadiki, xorijdan tovarlarni buyurtma qilgan fuqarolar yig‘imni bevosita to‘lamaydi, lekin u kuryerlik xizmatlari narxiga kiritilishi mumkin.

“Kuryerlik kompaniyalari yuridik shaxs sifatida ushbu yig‘imni to‘lashi shart. Ular buni o‘z xizmatlari narxiga qo‘shadimi yoki yo‘qmi, bu ularning tijorat siyosatiga bog‘liq”, — deya tushuntirish berdi vakil.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili kuryerlik jo‘natmalarining 70 foizi 1 kilogrammgacha, 22 foizi esa 5 kilogrammgacha bo‘lgan. Shundan kelib chiqsak, ushbu yig‘im miqdori kuryerlik tashkilotlarining moliyaviy xarajatlariga jiddiy ta’sir etmaydi, deb hisoblamoqda idora.

Yashirin importga qarshi kurash

Ta’kidlanishicha, yig‘imning joriy etilishi kuryerlik jo‘natmalarini rasmiylashtirishni tezlashtirish va sifatini yaxshilashdan tashqari, shaxsiy ehtiyojlar niqobi ostida tijorat tovarlarini noqonuniy olib kirishga chek qo‘yishga ham qaratilgan.

“Shuningdek, bojxona organlari tomonidan 2025-yilda xalqaro kuryerlik jo‘natmalarining tez va sifatli bojxona nazoratidan o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida yangi axborot dasturlarini ishlab chiqish, tegishli bojxona postlarini zamonaviy nazorat texnik vositalari bilan jihozlash va yangi infratuzilma yaratish hamda fuqarolar uchun jo‘natmalarni kuzatish va xavfsiz qabul qilish tizimini joriy qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.