O‘zbekistonda 2025-yil uchun hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2024-yil davomida O‘zbekistonda kambag‘allik chegarasi ikki marta oshirildi. Dastlab yil boshida bu miqdor 568 ming so‘mdan 621 ming so‘mgacha oshirilgan bo‘lsa, 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi munosabati bilan u yana 4,3 foizga oshdi — oyiga 648 ming so‘mgacha. Yillik hisobda ko‘rsatkich 7,7 foizga ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil O‘zbekistonda rasmiy inflyatsiya 9,8 foizni tashkil etib, Markaziy bank kutilmalaridan yuqori shakllandi.
Vazirlar Mahkamasining minimal iste’mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibi bo‘yicha qarorida Statistika agentligi minimal iste’mol xarajatlari va kambag‘allik darajasini har yilgi hisobot yilida inflatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20-yanvariga qadar e’lon qilib borishi belgilangan.