AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina hukumati bilan Kiyev Amerika yordami evaziga nodir metallarni yetkazib berishi bo‘yicha kelishuv imzolamoqchi ekanini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters va New York Times.
“Biz Ukraina bilan bitim tuzmoqchimiz, uning doirasida ular biz ularga bergan narsalarni nodir metallar va boshqa narsalar evaziga olishadi”, — dedi Tramp 3-fevral kuni Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot chog‘ida.
Reuters nashrining ta’kidlashicha, Tramp “nodir metallar” atamasini barcha turdagi muhim minerallarni yoki faqat nodir yer metallarini ifodalash uchun ishlatgani aniq emas.
Nodir metallar — elektromobillar, mobil telefonlar va boshqa elektronika ishlab chiqarishda qo‘llanadigan magnitlar tayyorlash uchun ishlatiladigan 17 ta metall guruhidir.
Ukraina uran, litiy va titanning katta zaxiralariga ega, ular muhim minerallardir, ammo nodir metallar emas. Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 20 dan ortiq muhim minerallar konlari mavjud, ammo zaxiralarning bir qismi Rossiya Ukrainada bosib olgan hududlarda qolmoqda.
Nodir yer minerallariga qiziqish bildirar ekan, Tramp mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiydan kelgan taklifni qo‘llab-quvvatlaydi, deb yozadi NYT.
Zelenskiyning aytishicha, Ukrainani himoya qilishda yordam berish Amerikaning iqtisodiy manfaatlariga javob beradi, chunki uning mamlakati AQSh sanoatini rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan muhim minerallarga boy.
Yuqori martabali ukrainalik amaldorning NYT nashriga aytishicha, Ukraina AQSh bilan nodir yer minerallariga oid bitimlar bo‘yicha ishlashga tayyor — agar AQSh ushbu resurslar Rossiya qo‘liga tushmasligi uchun yetarli xavfsizlik kafolatlarini taqdim etsa.
Ukraina o‘tgan yil oxirida Jo Bayden ma’muriyati bilan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolashni rejalashtirgan edi, deb ta’kidlaydi nashr. Biroq Ukraina rasmiylari Tramp bilan shartnoma tuzish uchun uning lavozimga kirishini kutib, hujjatni imzolashni kechiktirdi.
Dekabr oyida Ukraina hukumati delegatsiyasi Vashingtonda amerikalik ishbilarmonlar bilan uchrashib, muhim foydali qazilmalarni qazib olish uchun litsenziyalarni sotib olishni o‘z ichiga olgan potentsial kelishuvlarni taqdim etdi, deb yozadi NYT gazeta bilan tanishgan taqdimotga asoslanib.
- 2024-yil oktabr oyida Zelenskiy Ukrainaning Rossiya bilan urushdagi “g‘alaba rejasi”ni taqdim etgandi. Rejaning bir bandida Kiyev Yevropa Ittifoqi va AQShga Ukrainadagi mavjud muhim resurslarni himoya qilish, shu jumladan, ularni ishlab chiqish va ishlatishga sarmoya kiritish bo‘yicha kelishuv tuzishni taklif qilmoqda.