Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari bo‘yicha hisobot bilan tanishdi.

Toshkent-Andijon

Jahon banki ishtirokida Toshkent-Andijon muqobil yo‘li loyihalashtirildi. 314 km uzunlikdagi tezyurar magistral ikki shahar o‘rtasidagi yo‘l vaqtini 5 soatdan 3 soatgacha qisqartirishi, YTH sonini 40 foizga kamaytirishi va YAIMni 2,6 foizga oshirishi kutilmoqda

“Bu 10,5 milliondan ortiq aholi yashaydigan vodiyni poytaxt bilan bog‘lovchi arteriya bo‘ladi. Shu bois prezident bu loyihaning muhimligini yana bir bor ta’kidladi”, — dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.

Yanvar oyida hukumat xalqaro tender e’lon qildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlangan loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, birinchi bosqichda 171 km uzunlikdagi trassa Toshkentdan Angren va Qamchiq dovonidan o‘tadi.

Loyiha uchun xususiy hamkor tanlov asosida tanlanadi. Tender ikki bosqichda o‘tkaziladi: avval dastlabki malaka tanlovi bo‘lib o‘tadi (u 2025-yil 21-aprel, Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha davom etadi), so‘ngra texnik va moliyaviy takliflar taqdim etiladi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 30 dan ortiq xorijiy kompaniyalar loyihaga qiziqish bildirgan. “Joriy yilda qurilish ishlarini boshlaymiz”, — dedi Mahkamov.

Oktabr oyida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev yo‘lning qurilish muddati 6 yil 3 oy bo‘lishini aytgandi. Yo‘nalishning 64 foizi yangi, 36 foizi rekonstruksiya qilinadi. Trassa uzunligi 314 km bo‘lib, I-a (avtomagistral) toifasiga kiradi va oltita yo‘lakdan iborat bo‘ladi.

Loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lishi kutilgan edi: birinchi bosqichda uzunligi 78 km bo‘lgan Toshkent-Angren, ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda Pop-Andijon (143 km) uchastkasi quriladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tender e’lonidan ma’lum bo‘lishicha, birinchi va ikkinchi bosqichlar birlashtirildi. Yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi.

Loyiha qiymati 4,28 mlrd dollar (2023-yil nominal narxlarida) deb baholanmoqda. Yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim 49 yil davomida amal qiladi. Yo‘l qurilishi dastlab 2026-yilda boshlanib, 2032-yilda yakunlanishi kerak edi.

Toshkent-Samarqand

Transport vaziri, shuningdek, 2025-yilda Toshkent va Samarqand o‘rtasida pulli trassa qurilishini boshlash rejalari haqida gapirdi. Gap umumiy uzunligi 300 km bo‘lgan olti tasmali yo‘l haqida bormoqda.

“Barcha loyihaviy hujjatlar yakunlab, tender ishlarini amalga oshiryapmiz. Bu yil ushbu loyiha bo‘yicha ham qurilish ishlari rejalashtirilgan. Hurmatli prezidentimiz ushbu ikki yo‘lda qurilishni tezroq boshlash uchun tenderni barcha qoidalarga rioya qilgan holda, lekin ortiqcha vaqt sarflamasdan o‘tkazish vazifasini qo‘ydi”, — dedi u.

2024−2030-yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorga ko‘ra, o‘tgan yilning dekabr oyida pudratchini aniqlash, u bilan shartnoma tuzish va qurilishni boshlash rejalashtirilgandi. Ishlarni 2028-yil oxirigacha yakunlash, keyin esa boshqaruvni DXSH asosida xususiy operatorga o‘tkazish rejalashtirilgan. Toshkent-Samarqand yo‘lining dastlabki narxi 2,2 mlrd dollarni tashkil etadi.

Davlat rahbari Transport vazirligiga muqobil va boshqa yo‘nalishlarda yo‘llar qurish, yo‘llarda qulaylik va xavfsizlikni oshirish, turli pullik xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.