Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni yirik transport infratuzilmasi loyihalari, jumladan, Transafg‘on temiryo‘li bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobot bilan tanishdi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamovning “O‘zbekiston 24” telekanaliga ma’lum qilishicha, loyiha Afg‘oniston orqali Pokiston va Eron portlariga yetib borish uchun 80 kilometrlik uchastkani kengaytirishni o‘z ichiga oladi.

Unga ko‘ra, davlat rahbariga tanlangan maydon va loyiha donorlari bilan ishlash haqida ma’lumot berildi.

“O‘tgan yil oxirida muhtaram prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi qurilishiga start berilgan bo‘lsa, bu yil Transafg‘on temiryo‘li qurilishini boshlash ko‘zda tutilgan”, — dedi u.

Loyiha haqida

2021-yil fevral oyida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Toshkentda “Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolagan edi. Loyihani may oyida tayyorlash va yo‘l qurilishini 2021-yil sentabr oyida boshlash rejalashtirilgandi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashgani uni sekinlashtirdi. Biroq dekabrda Afg‘oniston muvaqqat hukumati unga qo‘shildi. 2022-yilning 18-iyulida mamlakatda Transafg‘on temiryo‘lining yo‘nalishi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlandi.

O‘zbekistonning “Boshtransloyiha” instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 milliard dollarga, Pokiston 8,2 milliard dollarga baholagan. OAV xabarlariga ko‘ra, loyiha 4,8 milliard dollardan 6 milliard dollargacha baholanmoqda. U yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega 573 km uzunlikdagi magistral qurishni nazarda tutadi. Yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyin Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Temiryo‘l qurilishi kamida 5 yil davom etishi kutilmoqda.

O‘tgan yilning may oyida Toshkent shahrida avtomobil yo‘li qurilishini muvofiqlashtiruvchi loyiha byurosi ochilgan edi, 2023-yilda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash rejalashtirilgan edi.

2023-yil avgustida prezident Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘l Janubiy Osiyoga “eng ma’qul, arzon va xavfsiz yo‘l” bo‘lishini ta’kidlagandi.

“Tasavvur qiling, Xudo xohlasa, shu kunlar baribir keladi, ikkita temiryo‘l qurilsa, iqtisodiyotimiz qanday barqaror bo‘ladi. Biz birovga qaram bo‘lmaymiz. Agar mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yilning iyulida Transport vazirligi vakili “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida loyiha ishtirokchilari texnik qism va moliyalashtirish uchun hamkorlarni taklif qilish ustida ish olib borayotgani haqida xabar bergan edi.

“Hamkorlar puli hali to‘liq shakllanmagan. Asosiy ishtirokchilar — O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston. Bu yerda xuddi Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temiryo‘li loyihasida bo‘lgani kabi konsorsium tuziladi va o‘sha konsorsium keyinchalik salohiyatli investorlar va hamkorlar bilan ishlaydi. Albatta, bu yanada murakkab loyiha. Asosiy masala — xavfsizlik va kirish muammosi. Umuman, biz Afg‘oniston qismi bo‘ylab yo‘nalishni allaqachon tasdiqlaganmiz, biroq qo‘shimcha tadqiqotlar olib borilmoqda. Ba’zi og‘ishlar va tuzatishlar bo‘lishi mumkin”, — degandi o‘shanda suhbatdosh.

Bundan tashqari, xalqaro moliya institutlarining moliyalashtirishi va ishtirok etishi masalasi ochiqligicha qolmoqda. “Ular ishtirok etishga tayyordek ko‘rinmoqda, biroq boshqa tomondan, Afg‘oniston hukumati hali tan olinmagan. Mana shu eng hal qiluvchi masala”, — ta’kidlagandi avvalroq Transport vazirligi.