Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo o‘z ijtimoiy tarmoqlarida AQSh prezidenti Donald Tramp bilan Kanada tovarlarini Amerikaga import qilishda bojlarni kamida 30 kunga to‘xtatishga kelishib olganini ma’lum qildi.

Tryudoning so‘zlariga ko‘ra, u Tramp bilan “yaxshi muloqot olib borgan”. Endi Kanada 1,3 milliard dollarlik rejani amalga oshiradi — chegarani yangi vertolyotlar, texnologiyalar va xodimlar bilan mustahkamlaydi, amerikalik hamkorlar bilan muvofiqlashtirish ishini yaxshilaydi va fentanil giyohvand moddasi oqimini to‘xtatish uchun resurslarni ko‘paytiradi. Tryudo chegarani himoya qilishda 10 mingga yaqin odam ishtirok etishini va’da qildi.

Bundan tashqari, Kanada bosh vaziri fentanil muomalasi bo‘yicha alohida lavozim tayinlash yuzasidan yangi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishga, shuningdek, kartellarni terrorchilar ro‘yxatiga kiritishga, xorijda kecha-yu kunduz kuzatuvni ta’minlashga va uyushgan jinoyatchilik, fentanil va pul yuvish bilan kurashish uchun Kanada-Amerika kuchlarini ishga tushirishga va’da berdi.

“Men, shuningdek, uyushgan jinoyatchilik va fentanil bo‘yicha yangi razvedka direktivasiga imzo chekdim va biz uni 200 million dollar bilan qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Tryudo.

Tramp o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘ida ta’kidlashicha, Kanada shimoliy chegara xavfsizligini ta’minlashga “va nihoyat, giyohvand moddalarning halokatli ofatiga chek qo‘yishga” rozi bo‘lgan. “Men ushbu dastlabki natijadan juda mamnunman va shanba kuni e’lon qilingan bojlar Kanada bilan yakuniy iqtisodiy bitimni tuzish mumkinligini ko‘rish uchun 30 kunga to‘xtatiladi”, — deya qo‘shimcha qildi u.

2-fevral kuni Tramp Kanada va Meksikadan tovarlar importiga 25 foizli, Xitoydan importga 10 foizli boj joriy etilishini e’lon qildi. Bojlarning kiritilishi “Meksika, Kanada va Xitoyni noqonuniy immigratsiyani to‘xtatish va zaharli fentanil va boshqa giyohvand moddalar oqimini to‘xtatish haqidagi va’dalarini bajarishga majbur qilish” zarurati bilan izohlangan.

Ertasi kuni Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum Donald Tramp bilan muzokaralar natijasida bojlarni 30 kunga kechiktirish bo‘yicha kelishuvga erishganini bildirdi. Meksika ham AQSh bilan chegarada giyohvand moddalar kontrabandasiga qarshi kurashni kuchaytirish va xavfsizlik va ikki tomonlama savdo masalalari bo‘yicha birgalikda ishlashni boshlash uchun 10 ming nafar milliy gvardiya jangchisini yuborishga va’da berdi.