“O‘zgidromet"ning fevral oyi uchun taqdim etgan ob-havo prognoziga ko‘ra, oyning birinchi o‘n kunligi, katta ehtimol bilan, quruq o‘tadi. Jumladan, oyning birinchi besh kunligi quruq, kechalari 0…-5 daraja sovuq, kunduzi +3…+8 daraja iliq bo‘ladi.
6−7-fevralga kelib havo nisbatan iliqlashib, kunduzi 12−15 daraja iliqqacha, shimolda 5−8 daraja iliqqacha ko‘tariladi. Keyinchalik, oyning oxirigacha, harorat kechalari 2−7 daraja iliqdan 3−8 daraja sovuqqacha, kunduzi 10−15 daraja iliqdan 0−5 daraja iliqqacha, shimolda kechalari 3 daraja iliqdan 8−13 daraja sovuqqacha, kunduzi 5−10 daraja iliqdan 0−5 daraja sovuqqacha o‘zgarib turishi kutilyapti.
Birinchi o‘n kunlik so‘ngida asosan yomg‘ir yog‘ishi, ikkinchi va uchinchi o‘n kunlikning har 2−3 kunida yomg‘ir-qor yog‘ishi prognoz qilingan. “O‘zgidromet"ning qo‘shimcha qilishicha, fevralda O‘zbekistonda oylik yog‘ingarchilik miqdori o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan ko‘p bo‘lmaydi — ya’ni, fevral quruq bo‘ladi.
“O‘zgidromet” o‘z prognozida o‘rtacha oylik havo harorati bo‘yicha fevral sovuqmi, me’yoriymi yoki iliq bo‘ladimi — bu kabi kutilmalarni ochiqlamagan.
Yilning eng sovuq uchinchi oyi
Fevral O‘zbekistonda yanvar (eng sovuq) va dekabr (yanvardan iliqroq, fevraldan sovuqroq) oylaridan keyingi uchinchi eng sovuq oy hisoblanadi. Fevralda o‘rtacha oylik havo harorati janubiy viloyatlarda (xususan, Sherobod meteostansiyasida) +8 darajagacha iliqni, baland tog‘li hududlarda (xususan, Oygaing meteostansiyasida) esa -8,3 darajagacha sovuqni tashkil etadi. Taqqoslash uchun, fevral yilning eng sovuq oyi hisoblangan yanvardan 2 daraja iliqroq.
Shunga qaramay, fevralda ham anomal sovuq kunlar kuzatilib turadi. Masalan, bir safar Ustyurtda havo harorati -40 darajagacha pasayib ketgan.
Fevralning uchinchi o‘n kunligida juda ko‘p hollarda bahoriy iliq muhit kuzatiladi. Masalan, ko‘p yillik o‘rtachalashtirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryoning Sherobod va Denov tumanlarida bahoriy harorat muhiti aynan fevralning uchinchi o‘n kunligidan boshlab kuzatiladi.
Ayni damda, O‘zbekistonda so‘nggi yetti yillikdagi fevrallar iqlimiy me’yordan yuqori, ya’ni “iliq” kelayotganini ta’kidlab o‘tish darkor.
O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda fevralda kutilayotgan ob-havo
Uzoq muddatli ob-havo prognozlarini taqdim etishda qo‘shni mamlakatlar ob-havo byurolari prognozlariga e’tibor qaratish an’anasiga bu safar ham sodiq qoldik. Ayniqsa, yilning sovuq davrida shimoliy mamlakatlar ob-havosi biz uchun ham qiziq, ham muhim. O‘zbekistonga sovuq havo oqimlari asosan Rossiya va Qozog‘istondan kirib kelishi inobatga olinsa, ushbu ikki mamlakatdagi vaziyatni chuqur tahlil qilish kerak.
Qishning uchinchi oyidagi anomal sovuqliklar asosan Rossiyadan kirib kelishi sabab, “Rosgidromet"ning fevral oyi uchun kutilmalariga nazar solamiz.
“Rosgidromet” fevral oyida Rossiyaning Yevropa qismida oy davomida harorat sezilarli darajada yuqori iliq, faqat Rossiyaning sharqiy va Sibir hududlarining katta qismida sovuq bo‘lishini prognoz qilgan. Rus sinoptiklari yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha Rossiyaning aksariyat qismida me’yoriy yog‘ingarchilik, Kavkaz mintaqasi, Xitoy bilan chegaradosh hududlar hamda sharqiy o‘lkalarda quruq bo‘lishini ma’lum qilgan.
Rus sinoptiklari O‘zbekiston uchun ham oylik harorat va yog‘inning oylik normaga nisbatan chetlanishlarini hisoblab chiqqan. Bu prognozga ko‘ra, O‘zbekistonda fevralda o‘rtacha oylik havo harorati va yog‘ingarchilik me’yor darajasida bo‘ladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, “Rosgidromet” tomonidan analog usul asosida hisoblangan yilning sovuq davri uchun harorat rejimi prognozlarining ro‘yobga chiqishi darajasi so‘nggi 15 yilda 63 foizdan 81 foizgacha o‘zgarib turgan.
“Qazgidromet” ilmiy tadqiqot instituti xodimlarining 2024−2025-yil qish mavsumi uchun ishlab chiqqan maslahatomuz prognoziga ko‘ra, fevralda Qozog‘istonning katta qismida oylik harorat me’yordan 1 darajadan yuqori, ya’ni “iliq”, shimoliy hududlarida me’yor atrofida bo‘lishi keltirilgan. Yog‘ingarchilik rejimi bo‘yicha esa mamlakatning katta qismida me’yordan ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilingan.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, qozoq iqlimshunoslari mazkur uzoq muddatli mavsumiy prognozni 2024-yil noyabr oyi oxirida ishlab chiqqan. Yaqin kunlarda fevral uchun havo haroratining har o‘n kunlik davrda turli diapazonlarda o‘zgarishi bilan bog‘liq yanada aniqroq prognoz ishlab chiqishi kutilyapti.
“Qirg‘izgidromet” xizmati tomonidan Qirg‘izistonda fevralda oylik harorat iqlimiy me’yordan 1 daraja yuqori, ya’ni “iliq” bo‘lishi taxmin qilingan. Qirg‘izistonning Farg‘ona vodiysidagi O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarida esa o‘rtacha harorat oy davomida −1…−3 daraja sovuq bo‘lishi ma’lum qilingan.
Qirg‘izistonda fevralda yog‘ingarchilik rejimi iqlimiy me’yor atrofida bo‘lishi, O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlarda oy davomida umumiy 4 millimetrdan 50 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilishi prognoz qilingan.
O‘zbekistonda fevral oyida kutilayotgan ob-havo
“O‘zgidromet”, xalqaro ob-havo markazlari, qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya ob-havo byuro prognozlari asosida O‘zbekistonda fevral oyida havo harorati rejimi ko‘plab hududlarda iqlimiy me’yor darajasida bo‘lishi, ayrim hududlardagina iqlimiy me’yordan past kutilayotganini ta’kidlash mumkin.
“O‘zgidromet” axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga tayanib, fevral oyining birinchi o‘n kunligida O‘zbekistonda havo harorati me’yor atrofida, shimolda me’yordan biroz past hamda tog‘li hududlarda me’yordan yuqori, ikkinchi o‘n kunligida me’yordan past va ayrim hududlarda me’yor, uchinchi o‘n kunligida esa me’yor atrofida, shimolda me’yordan past bo‘lishini taxmin qilish mumkin.
Oddiy qilib aytganda, fevral oyi O‘zbekistonning katta qismida ko‘p yillik iqlimiy me’yor atrofida va ayrim hududlarda undan pastroq harorat fonini beradi. Ko‘p yillik iqlimiy me’yor qiymati esa so‘nggi 30 yillikdagi fevral oylarida kuzatilgan o‘rtacha harorat qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi.
Shunday qilib, oyning birinchi o‘n kunligi me’yoriy, ikkinchi o‘n kunligi sovuqroq va uchinchi o‘n kunligi yana me’yor atrofidagi haroratni taqdim etadi. Shuni ham ta’kidlab o‘tish kerakki, ikkinchi o‘n kunlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim hududlari, uchinchi o‘n kunlikda Buxoro va Samrqand viloyatlari hamda Navoiy viloyatining janubida sovuqlik to‘lqinlari kuchliroq kuzatilib, bu aynan mana shu hududlarda umumiy oyning ham sovuqroq o‘tishini ta’minlaydi.
Bu kabi kutilmalardan kelib chiqib ta’kidlash mumkinki, 2025-yilda qishloq xo‘jaligida dov-daraxtlarning uyg‘onib ketishi bilan bog‘liq erta vegetatsiya hodisalariga, katta ehtimol bilan, guvohi bo‘lmaymiz. Bahor boshida aynan shimoldan sovuq havo oqimlarining to‘satdan “bostirib kelishi” xavfi mavjud bo‘lgan davr uchun bu juda ham yaxshi sharoit hisoblanadi.
Yog‘ingarchilik bo‘yicha kutilmalarda ham respublika bo‘ylab fevral davomida hududlarga shu oy uchun xos me’yoriy qiymatdan kamroq yog‘in tushishi taxmin qilinyapti. Birinchi o‘n kunlikda respublika bo‘ylab quruq, tog‘larda yana ham kamroq yog‘ingarchilik, ikkinchi o‘n kunlikda shimoliy hududlardan tashqari (shimolda quruq) me’yoriy yog‘ingarchilik, uchinchi o‘n kunlikda esa janubiy viloyatlar, vodiy, tog‘lar, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand viloyatlarida ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Ushbu dekadada shimoliy hududlarda me’yordan kam, boshqa hududlarda me’yoriy yog‘ingarchilik bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Shunday qilib, O‘zbekistonda fevralning birinchi o‘n kunligida yog‘inlar ancha kam, ikkinchi o‘n kunligida me’yoriy va uchinchi o‘n kunlikda esa me’yordan biroz ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatilishi kutilyapti.
Tog‘larda qor qanday?
Fevralda tog‘larimizga biroz kamroq yog‘in tushishi kutilayotganidan kelib chiqib, tog‘lardagi qor zaxirasi bilan bog‘liq vaziyat qanday ekanini qisqacha ko‘rib chiqsak. Chunki aynan fevralda tog‘larga yoqqan qor 2025-yilning sug‘orish davri uchun katta ahamiyatga ega.
Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari ob-havo byurolarining tog‘larda qor qoplami holatidan kelib chiqib, daryo va soylarda mavsumiy suv oqimini prognoz qilishdagi eng ishonchli usullaridan biri — masofadan qor qoplamini monitoring qilish bo‘yicha “Modsnow” dasturi ma’lumotlarini ko‘rib chiqamiz.
Dasturning kuzatuv ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-fevral holatiga Amudaryo, Norin va Zarafshon kabi daryolarning yuqori tog‘ havzalarida qor zaxirasi ko‘p yillik me’yordan kam, Qoradaryoda esa me’yor atrofida to‘plangan. Amudaryo va Zarafshon daryolarida qor zaxirasining havza uchun so‘nggi 25 yillikdagi eng kam ko‘rsatkichli yilga juda yaqin. Ushbu vaziyatdan kelib chiqib, suv resurslarini boshqarish masalalarini puxta rejalashtirib olish darkor.
Ko‘pchilikda 2025-yilda suv bilan bog‘liq vaziyat qanday bo‘ladi, degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Buning uchun Tinch okeani markazidagi El-Nino va La-Ninya hodisalarining shakllanish “tabiati"ga qarash kerak.
Xalqaro milliy okean va atmosfera markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning 31-yanvar holatiga Tinch okeani markaziy qismida suv haroratining keskin pasayishi bilan bog‘liq vaziyat rivojlangan. Bu to‘liq La-Ninya hodisasi yuz berayotganini anglatib, yaqin ikki oyda mintaqamizda kam yog‘ingarchilik kuzatiladigan sharoitga sabab bo‘ladi.
Chunki bunday sharoitda Atlantika okeanidan kirib keladigan nam havo sirkulyatsiyalari mintaqamizdan shimolroqdan o‘tib ketadi, oqibatda hududlarimizga kamroq yog‘in tushadi. Bu tog‘li hududlarimiz uchun ayniqsa salbiy holatdir.
Keyingi sharhimizda 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda kutilayotgan iqlim, vegetatsiya davri boshi va o‘rtasi uchun taxminiy iqlim sharoitiga doir ma’lumotlarni taqdim etamiz.