4-fevral kuni Qozog‘iston Transport vazirligi 25-dekabrda Bokudan Grozniyga uchgan va Aqtau yaqinida halokatga uchragan Embraer 190 Azerbaijan Airlines (AZAL) yo‘lovchi samolyotining qulashi bo‘yicha dastlabki hisobotni e’lon qildi.

Layner bortida 67 kishi, jumladan, besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot halokati oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi omon qolgan. Yo‘lovchilar orasida Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan. Samolyot qulagach, qisman yonib ketgan.

azerbaijan airlines, озарбайжон

Hisobotda aytilishicha, Grozniy aerodromiga qo‘nishdan oldin samolyotning sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimlari ishdan chiqqan. Laynerni qo‘ndirishga ikki marta muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng ekipaj Bokuga qaytishga qaror qilgan, ammo samolyotning asosiy boshqaruv tizimlari yo‘qolgani sababli Aqtau shahriga favqulodda qo‘nishni so‘ragan.

“Ikki kreslo portladi”

Hisobotda ekipajning Grozniy va Aqtau dispetcherlari bilan muloqotidan parchalar keltirilgan. Unga ko‘ra, Jahon muvofiqlashtirilgan vaqti (UTC) bo‘yicha soat 05:11 da samolyot Bokuga qaytayotgan bo‘lgan.

“Ozarbayjon sakson ikki qirq uch Boku bo‘ylab yuryapmiz”, — degan ekipaj, shundan so‘ng dispetcher balandlikka ko‘tarilishni buyurgan.

Soat 05:13:31 da samolyot bortidagi ovoz yozish qurilmasi tovush zarbasini qayd etgan, laynerdagi avtopilot va tortishni avtomatik boshqarish tizimining o‘chirilganini bildiruvchi ovozli signal ishga tushgan. Bu havo kemasiga birinchi tashqi ta’sir bo‘lgan.

Soat 05:13:56 da samolyotda ikkinchi tovush zarbasi qayd etilgan. Kema komandiri bort kuzatuvchisi bilan bog‘lanib, shunday degan: “2 ta o‘rindiq portladi, men… mmm, yaqinlasha olmayapman, chunki yo‘lovchilar o‘rnidan turib ketishdi, ularni o‘tqazyapman”.

azerbaijan airlines, озарбайжон

Yozuvlardan ma’lum bo‘lishicha, kapitan kema dvigateliga qushlar kirib ketgan deb o‘ylagan, keyinroq esa “menimcha, kislorod balloni portladi”, degan.

Shikastlanish

Hisobotda samolyot konstruksiyalarining shikastlanishini tekshirish natijalari ham keltirilgan. “Saqlanib qolgan bo‘laklarni dastlabki tekshirishda fyuzelyajning dum qismi, kil va stabilizator, balandlik va yo‘nalish rullarida turli o‘lcham va shakldagi ko‘plab teshib o‘tuvchi va teshib o‘tmaydigan shikastlanishlar aniqlandi. Shunga o‘xshash shikastlanishlar samolyotning chap dvigateli va chap qanotida, shuningdek, samolyot agregatlari va qismlarida ham aniqlangan. Ba’zi joylarda shikastlanishlar to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida”, — deyiladi xabarda.

azerbaijan airlines, озарбайжон

Komissiya, shuningdek, gidravlik tizimlar va stabilizatorni boshqarish mexanizmining shikastlanganini aniqladi.

Mutaxassislar shikastlanishlardan “ko‘p miqdordagi begona obyektlarni” ajratib oldi. Hujjatda kichik metall buyumlarning fotosuratlari keltirilgan.

azerbaijan airlines, озарбайжон

Ushbu zararlarning barchasi “tashqi obyektlar” tomonidan yetkazilgan bo‘lishi mumkin, deyiladi hisobotda, ammo aynan qaysilari ekaniga aniqlik kiritilmagan.

Reuters Ozarbayjon hukumatidagi manbasiga tayanib, tashqi ta’sir Rossiya raketasi tufayli yuzaga kelganini ma’lum qildi.

“Ozarbayjon tomoni „Pansir-S“ raketasining bir qismiga ega, u samolyotdan olib chiqilgan va xalqaro ekspertiza davomida identifikatsiya qilingan”, — deyiladi xabarda.

Yanvar oyida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Azerbaijan Airlines samolyotining halokatida “Rossiya Federatsiyasi vakillari” aybdorligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Grozniyda “Kovyor” operatsiyasi (barcha uchish apparatlari uchun yopiq osmon rejimi va havoda bo‘lgan barcha samolyotlar yoki vertolyotlarni zudlik bilan qo‘ndirish yoki ma’lum bir hududdan olib chiqish buyrug‘i) Embraer 190 o‘qqa tutilganidan keyin e’lon qilingan.

Komissiya hisobotida, shuningdek, Embraer 190 Grozniy aerodromiga qo‘na olmagan paytda “Kovyor” rejasini joriy etishni muhokama qilayotgan rossiyalik dispetcherlar o‘rtasidagi suhbatning bir qismi keltirilgan. Ularning suhbatida “15 minutda Grozniy „Kovyor“ 50 radiusli” iborasi bir necha bor tilga olingan, ammo bu nimani anglatishi noma’lum.

azerbaijan airlines, озарбайжон

Yakuniy hisobot aviahalokat bo‘yicha tergov tugagandan so‘ng e’lon qilinadi.