O‘zbekistonda 2024-yilda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgan 60 mingdan ziyod tadbirkorlar faoliyatiga qonuniy tus berildi. Bu Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti yil davomida amalga oshirgan ishlardan biri.

AOKAdagi brifingda xabar berilishicha, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda uni keltirib chiqarayotgan omil va sabablarini bartaraf etish yo‘nalishlardan biri sifatida faoliyat tashkil etilib, xususan, 12 254 ta tadbirkorlik subyektiga huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilish hamda ularning huquq va manfaatlarining buzilishi bilan bog‘liq 190 ta jinoyatga barham berildi.

Soliq huquqbuzarligi to‘g‘risida tadbirkorlarni xabardor qilish hamda profilaktika choralari orqali jinoyat ishlari qo‘zg‘atmasdan 15,3 mlrd so‘m soliqlarning ixtiyoriy ravishda davlat budjetiga to‘lanishi ta’minlandi.

Profilaktika hamda qonunchilikka muvofiq taqdim etilgan imkoniyatlardan foydalanmagan hamda soliq to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlashni davom ettirish bilan bog‘liq 1625 ta holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 800 mlrd so‘mdan ortiq soliqlar budjetga undirildi.

Yashirin iqtisodiyotdagi hisobga olinmagan 20,6 mingta holat rasmiy iqtisodiyotda aks ettirilishi ta’minlanib, shakllangan qo‘shimcha manbalar budjetga undirildi, ta’kidlanadi xabarda.

Shuningdek, yashirin iqtisodiyotni shakllanishning turli sxemalari va kanallarini fosh etish, sifatsiz mahsulotlar ishlab chiqarish va muomalaga kiritish bilan bog‘liq qariyb 2000 ta huquqbuzarlik aniqlanib, iste’molga yaroqsiz 141 mlrd so‘mlik mahsulotlar muomalaga kiritilishining oldi olindi.