O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 29-yanvar kuni jismoniy shaxslarning harakatlanishi, tovarlar va transport vositalarini davlat chegarasi orqali olib o‘tish jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Hujjatga ko‘ra, chegarani kesib o‘tayotgan fuqarolarning harakatlanishini avtomatlashtirish maqsadida bojxonadan tezkor o‘tish (Fast Track) tartibi joriy etiladi.

Xizmatdan foydalanish uchun jismoniy shaxslar yoki yuridik shaxslarning vakillari o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti yoki elektron to‘lov tizimlari orqali yoxud chegarani kesib o‘tishda og‘zaki murojaat qilishlari mumkin.

To‘lov muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan so‘ng ariza beruvchi QR kodli elektron talon oladi, u rasmiylashtirilgan paytdan boshlab bir yil davomida amal qiladi.

Agar ariza bevosita nazorat-o‘tkazish punktida topshirilsa, to‘lov bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi. Xizmat uchun haq to‘lanmagan taqdirda, fuqaro umumiy navbatga yo‘naltiriladi.
Xizmatdan foydalanuvchilar bojxona nazoratidan maxsus ajratilgan hududlarda (yo‘laklar, VIP zallar va boshqalar) navbatsiz o‘tkaziladi. Qolgan shaxslarga umumiy navbat tartibida xizmat ko‘rsatiladi.

Xizmat haqi bir kishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizini (hozirgi kunda 56 250 so‘m) tashkil etadi. To‘lov mobil ilovalar yoki nazorat-o‘tkazish punktidagi bank bo‘limlari orqali amalga oshiriladi.

Xizmat voyaga yetmaganlarga (18 yoshgacha), shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar va harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolarga bepul ko‘rsatiladi.

Yig‘ilgan mablag‘larning 80 foizi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona organlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maxsus jamg‘armasiga, 20 foizi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hisobiga yo‘naltiriladi.

Fast Track xizmati doirasida foydalanuvchilar uchun quyidagi qulayliklarni yaratish rejalashtirilgan:

  • tezlashtirilgan pasport va bojxona nazoratining alohida yo‘lagi;
  • bank bo‘limi;
  • ona va bola xonalari;
  • namozxona;
  • erkaklar va ayollar uchun alohida sanitariya uzellari;
  • kafe hamda oziq-ovqat va ichimliklar xarid qilish uchun zona;
  • VIP zal (yumshoq o‘rindiqlar, stollar, televizor, Wi-Fi va boshqalar);
  • Jismoniy shaxslar chegarani kesib o‘tishning belgilangan vaqtidan oldin Fast Track uchun arizani bekor qilishlari mumkin.

Chegarani kesib o‘tish vaqtiga qadar elektron navbat bekor qilinganda, to‘langan summa ariza beruvchining ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga yoki kartasiga avtomatik ravishda qaytariladi.

Xizmat qayerda paydo bo‘ladi?

Birinchi bosqichda 1-maydan boshlab Fast Track xizmati mamlakatning 7 ta hududidagi 12 ta nazorat-o‘tkazish punktida taqdim etiladi.


O‘tkazish punkti joylashgan hudud
Qo‘shni mamlakatlar
Bojxona posti
O‘tkazish punkti
1
Qoraqalpog‘iston
Qozog‘iston
Dovut ota
Daut ata
2
Andijon viloyati
Qirg‘iziston
Do‘stlik
Do‘stlik
3
Buxoro viloyati
Turkmaniston
Olot
Olot
4
Sirdaryo viloyati
Qozog‘iston
Sirdaryo
Guliston
5
Surxondaryo viloyati
Afg‘oniston
Ayritom
Termiz
6
Surxondaryo viloyati
Tojikiston
Sariosiyo
Sariosiyo
7
Toshkent viloyati
Qozog‘iston
Yallama
Yallama
8
Toshkent viloyati
Qozog‘iston
S. Najimov
Toshkent
9
Toshkent viloyati
Qozog‘iston
Navoiy
Zangiota
10
Toshkent viloyati
Qozog‘iston
G‘ishtko‘prik
G‘ishtko‘prik
11
Toshkent viloyati
Tojikiston
Oybek
Oybek
12
Farg‘ona viloyati
Qirg‘iziston
O‘zbekiston
O‘zbekiston