Prezident Donald Trampning aytishicha, AQSh urushdan vayron bo‘lgan G‘azo sektorini egallaydi va falastinliklar boshqa joyga ko‘chirilgandan so‘ng uni iqtisodiy jihatdan rivojlantiradi. Bu haqda Trampning so‘zlariga tayanib, CNN va Reuters xabar bermoqda.

Tramp AQShda 4-fevral, seshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida o‘zining kutilmagan rejasini ma’lum qildi.

Bu e’lon Trampning bir muddat avval bildirilgan, G‘azodagi falastinliklarni qo‘shni davlatlarga doimiy yashash uchun ko‘chirish bo‘yicha (xususan, Misr va Iordaniyaga — tahr.) taklifidan so‘ng amalga oshirildi, u anklavni “buzish maydoni” deb atadi.

Tramp ittifoqchilardan ham, raqiblardan ham AQShning G‘azoni egallab olishiga keskin qarshi chiqishlarni kutishi mumkin, deb ta’kidlaydi Reuters. AQShning u yerdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki Vashingtonning uzoq muddatli siyosatiga zid va G‘azo bosib olingan G‘arbiy Sohilni o‘z ichiga olgan bo‘lajak Falastin davlatining bir qismi bo‘lishiga ishonadigan xalqaro hamjamiyatning katta qismiga xush kelmaydi.

CNN`ning yozishicha, Tramp AQSh qanday qilib G‘azoni egallashi yoki bosib olishi mumkinligi haqidagi savolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermadi, lekin u sektorda xavfsizlikni ta’minlashga yordam berish uchun AQSh qo‘shinlarini yuborishni istisno qilmadi. “G‘azoga kelsak, biz kerakli ishni qilamiz. Agar kerak bo‘lsa, biz buni bajaramiz. Bu qismni egallab, uni rivojlantirmoqchimiz”, — dedi u. Saylovoldi kampaniyasi davomida siyosatchi AQSh qo‘shinlarining xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergandi.

“Ming-minglab ish o‘rinlarini yaratamiz va bu butun Yaqin Sharq juda faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi. Men uzoq muddatli egalik pozitsiyasini va bu Yaqin Sharqning o‘sha qismiga katta barqarorlik olib kelishini ko‘ryapman”, — deb qo‘shimcha qildi Tramp.

“AQSh G‘azo sektorini egallab oladi va biz u yer bilan ham ish olib boramiz. Biz unga egalik qilamiz va portlamay qolgan barcha xavfli bombalar hamda obyektdagi boshqa qurollarni demontaj qilish uchun javobgar bo‘lamiz”, — dedi Tramp jurnalistlarga.

U yerda kimlar yashashi haqida so‘ralganda, Tramp bu “dunyo aholisi” uchun makonga aylanishi mumkinligini aytdi. AQSh prezidentining fikricha, 2 milliondan ortiq odam yashaydigan, urushdan vayron bo‘lgan sektor vaqt o‘tishi bilan nafaqat falastinliklar, balki “butun dunyodan kelgan odamlar” ham joylashishi mumkin bo‘lgan “Yaqin Sharq Riverasi”ga aylanishi mumkin.

“Bu shunchaki ajoyib bo‘ladi”, — dedi Tramp va uning rejasi butun mintaqaga “buyuk tinchlik” olib kelishi mumkinligini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, u G‘azo sektori, Isroil va Saudiya Arabistoniga tashrif buyuradi.

Netanyahu yangi yondashuvni sinab ko‘rayotgani uchun Trampni “yangicha fikrlaydigan” deb atadi va “an’anaviy fikrlashni sindirishga tayyorligini ko‘rsatayotganini” aytdi, deb yozadi Reuters. “Menimcha, bu tarixni o‘zgartirishi mumkin. Va men haqiqatan ham bu yo‘ldan borish kerak, deb o‘ylayman”, — dedi Isroil bosh vaziri.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio “G‘azoni yana go‘zal qilishga” chaqirdi va Trampning mashhur MAGA (Make America Great Again) shioriga ishora qilib, “Make Gaza Beautiful Again” jumlasini qo‘lladi. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, sektor HAMASdan ozod bo‘lishi, guruh u yerdan ketishi kerak.