AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va Falastin qochqinlariga yordam berish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi (UNRWA)dan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb yozmoqda Reuters. Tramp tegishli farmonga Netanyahu bilan uchrashgan kunida imzo chekdi.
Bir yil muqaddam Jo Bayden ma’muriyati UNRWA`ga Amerika mablag‘larini ajratishni to‘xtatishga qaror qilgandi. Bunga tashkilot xodimlari HAMASning Isroilga hujumiga aloqadorlikda ayblangani sabab bo‘lgan. Agentlikning yopilishini AQShdagi Respublikachilar partiyasi vakillari bir necha bor talab qilgan.
2018-yilda ham, o‘zining birinchi prezidentlik muddatida, Tramp agentlikni shubha ostiga qo‘yib, UNRWA`ni moliyalashtirishni to‘xtatgandi. AQSh UNRWA`ning asosiy donori bo‘lib, yiliga 300−400 million dollar ajratib kelgan.
UNRWA 1949-yilda 1948-yilgi Arab-Isroil urushidan keyin ko‘chirilgan yuz minglab falastinlik qochqinlarga yordam berish uchun tashkil etilgan. Agentlikning vazifalari G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Livan, Suriya va Iordaniyadagi falastinliklarga ta’lim, gumanitar va tibbiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Qo‘shma Shtatlar, Germaniya va Yevropa Ittifoqi agentlik uchun eng yirik donorlar qatoriga kirgan.
Tramp, shuningdek, garchi salohiyati borligini aytsa-da, BMTni “yaxshi boshqarilmayotgani” uchun tanqid qildi: “Biz ustida ishlayotgan ko‘plab mojarolar hal qilinishi kerak yoki hech bo‘lmaganda ularni hal qilishda yordam berishimiz kerak. Bu BMTning asosiy maqsadi bo‘lishi kerak edi”, — dedi Tramp.
BMT Trampning so‘zlariga qarshi chiqdi. Tashkilot bosh kotibi Antonio Guterrish “samaradorlik va innovatsiyalarni oshirish uchun ko‘plab islohotlarni amalga oshirishda tinimsiz mehnat qildi”, dedi BMT matbuot kotibi Stefan Dyujarrik.
Tramp 193 a’zodan iborat jahon tashkilotidan pul olmoqchi emasligini aytdi, biroq u Vashington nomutanosib miqdorda pul to‘lashiga to‘g‘ri kelganidan shikoyat qildi. Vashington BMTning eng yirik hissadoridir.
O‘z navbatida, Tramp AQShning BMT Inson huquqlari kengashi bilan aloqalarini to‘xtatdi. BMTning madaniy agentligi bo‘lmish YUNESKO ishini ham qayta ko‘rib chiqishni buyurdi. 2006-yildan 2018-yilgacha Inson huquqlari kengash Isroilni tanqid qiluvchi 70 dan ortiq rezolyutsiya qabul qilgan — bu Eronga qaraganda 10 baravar ko‘p, deb ta’kidladi Washington Post.
Inson huquqlari bo‘yicha kengash — BMT tizimidagi hukumatlararo organ bo‘lib, uning tarkibiga 47 ta davlat kiradi. U 2006-yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan “butun dunyoda inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilishga ko‘maklashish” maqsadida tashkil etilgan. O‘sha paytda AQSh prezidenti kichik Jorj Bush edi, ammo mamlakat kengashga 2009-yilga kelib — Barak Obama davrida qo‘shilgan.