O‘zbekiston va Malayziya rahbarlari 2025−2026-yillarni ikki mamlakat sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldi. Bu haqda 5-fevral kuni Kuala-Lumpurda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning muzokaralari chog‘ida ma’lum qilindi.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, iqtisodiy hamkorlikning yangi modelining ustuvor yo‘nalishlari neft-kimyo va kimyo, elektronika va yarimo‘tkazgichlar sanoati, innovatsion sanoat, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika, ziyorat turizmi va boshqalar bo‘ladi.

анvaр иброҳим, малайзия, шавкат мирзиёев

Dastlab, tor doirada, so‘ngra kengaytirilgan tarkibda o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi turli sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hamkorlikni rivojlantirish va oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi ishlar vazirlarining strategik muloqoti platformasini tashkil etishga qaror qilindi.

Tomonlar BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligini qayd etdi.

Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, o‘zaro sanoat ko‘rgazmalarini o‘tkazish, Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilishga kelishib olindi.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent viloyatida Malayziyaning yetakchi kompaniyasi boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilmoqda.

Malayziya hukumati O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.

Davlat rahbarlari faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish muhimligini ta’kidladi. Bu yilda O‘zbekiston va Malayziyada madaniyat haftaliklari o‘tkaziladi.

Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohim mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Terrorizm, radikalizm va islomofobiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.

Tashrif arafasida tahliliy markazlar uchrashuvi, O‘zbekistonning turizm salohiyati va madaniy merosi taqdimotlari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

O‘tgan yilning may oyida Malayziya bosh vaziri O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan edi. O‘shanda Hukumatlararo komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tgan, Ishbilarmonlar kengashi tuzilgan, qator yirik biznes-forumlar tashkil etilgan.