Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim 3-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Tadbirda ikki davlatning yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlari rahbarlari, jami 200 dan ortiq delegatlar qatnashdi. Ular orasida Malayziyaning Petronas, Proton, Gentari kabi yirik kompaniyalari ham bor.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston va Malayziya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. “Maqsadimiz — munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish”, — dedi u.
Biznes forum davomida transport, logistika, savdo, energetika, sog‘liqni saqlash, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Shuningdek, o‘zaro savdo hajmini karrasiga oshirish va imtiyozli savdo bitimini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ikki davlat o‘rtasida elektronika, gaz-kimyo sanoati, “yashil” texnologiyalar va sun’iy intellekt sohalarida hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Qurilish materiallari ishlab chiqarish va innovatsion farmatsevtika mahsulotlari yo‘nalishlarida ham qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladi.
“Aqlli” qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va “halol” standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyalari boshqaruvida maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi ma’lum qilindi. O‘zbekiston rahbari biznes forumning navbatdagi bosqichini shu yil kuzda O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etdi.