Kuala-Lumpur shahridagi ishbilarmonlik dasturining davomida 5-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim Petronas korporatsiyasining bosh qarorgohi — Twin Towers binosiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Yetakchilar u yerda Petronas prezidenti Muhammad Tavfiq bilan uchrashuv o‘tkazdi. Neft-gaz, neft-kimyo va qayta tiklanuvchi energetika sohalarida yetakchilardan biri bo‘lgan ushbu global kompaniya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev xomashyoni chuqur qayta ishlash va “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi istiqbolli rejalarni qo‘llab-quvvatladi.
Xususan, geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, karbonat angidrid gazini ushlab qolish va saqlash bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, Petronas universiteti negizida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Petronas — Malayziyaning 1974-yilda tashkil etilgan milliy neft va gaz kompaniyasi. U dunyoning yetakchi energetika korxonalaridan biri sanaladi. Kompaniya neft va gaz qazib olish, qayta ishlash, transport va sotish bilan shug‘ullanadi.
2024-yil may oyida investitsiyalar vaziri Laziz Kudratov kompaniya O‘zbekistonda gazni qayta ishlash bo‘yicha ikkita yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etishini ma’lum qilgandi.
2013-yil o‘rtalarida Malayziya kompaniyasi Surxondaryo viloyatidagi Boysun investitsion blokidagi konlarni qidirish va o‘zlashtirish bo‘yicha mahsulot taqsimoti va va Ustyurt hududining Urga, Quanish va Aqchalak guruhini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvdan chiqish qarori haqida xabar bergandi (loyiha hozirda Surhan Gas Chemical Operating Company tomonidan amalga oshirilmoqda). 2014-yilda kompaniya O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopgan.
2009-yilda kompaniya sintetik yonilg‘i ishlab chiqarish zavodini (Uzbekistan GTL) qurish loyihasini amalga oshirgan, biroq 2011-yil iyun oyida qo‘shma korxonadagi ulushini 33,3 foizdan 11 foizga kamaytirgan, keyin esa boshqa investorlar bilan birgalikda iqtisodiy maqsadga muvofiq emasligi sababli loyiha tarkibidan chiqqan.