O‘zbekistonda uy-joylar qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bu prezidentning 27-yanvardagi farmonida nazarda tutilgan.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda “Shaffof qurilish” tizimi doirasida platforma yaratish topshirildi.
Hujjatda aytilishicha, platforma 2025-yil 1-iyulda to‘liq ishga tushishi rejalashtirilgan.
Ulushdorlarning mablag‘larini jalb qiladigan quruvchilar quyidagilarni platformaga joylashtirishi kerak:
- qurilayotgan binoning aniq manzili;
- qavatlar, kirish yo‘laklari, xonadonlari va noturar joylar soni;
- maydon va unga tutash hudud;
- moliyalashtiruvchi tijorat banki to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
- sotilgan turar va noturar joylar;
- loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi;
- qurilishni boshlash sanasi va foydalanishga topshirish muddati;
- qurilish holati va boshqa ma’lumotlar.
Elektron platformaga ma’lumotlari joylashtirilmagan obyektlar bo‘yicha tuzilgan ulushli shartnomalarga notarial harakatlar amalga oshirilmaydi hamda bunday shartnomalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi.
Ma’lumotni platformaga joylashtirmagan quruvchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Qurilishni ro‘yxatga olishda Qurilish vazirligi ma’lumotlarni tizimga kiritib, uning kadastr organlari, tijorat banklari va notariuslar tomonidan tekshirilishini ta’minlaydi.
Xaridorlar platformada qurilish-montaj ishlari uchun ruxsatnoma mavjudligi, ishlab chiqaruvchining reytingi, uning oldingi loyihalari, shartnoma intizomi va obyektlarni topshirish muddatlariga rioya etilishini tekshirishi mumkin.
Tasdiqlangan loyihalar doirasida quyidagilar taqiqlanadi:
- obyektlardagi xonalarning rejalashtirilishiga o‘zgartirish kiritish;
- foydalanishga topshirilgunga qadar obyektlarning loyiha hujjatlariga o‘zgartirish kiritish;
- qurilish ishlari yakunlanmagan obyektlar joylashgan yer uchastkalarini boshqa shaxslarga o‘tkazish.
Kadastr agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulushlarda ishtirok etish shartnomalarini soliq organlariga elektron shaklda taqdim etish tizimini joriy etishi lozim, bunda shartnoma bo‘yicha talab qilish huquqi va garov huquqini boshqa shaxslarga o‘tkazishni nazarda tutiladi.
Xuddi shu farmonga ko‘ra, 1-iyuldan boshlab mamlakatda umumiy uy-joy qurilishida eskrou-hisob tizimiga o‘tish boshlanadi. 2026-yildan boshlab ulushdorlarning mablag‘larini faqat shu tartib orqali jalb qilish mumkin.
Prezident “Uy-joyning yagona hayotiy sikli”ni joriy etish taklifini ham ma’qulladi. 1-iyuldan boshlab quruvchilar ulushdorlar mablag‘ini faqat notarial tasdiqlangan shartnomalar orqali jalb qilishi mumkin. Qurilish ishlarining kamida 30 foizi developerlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi kerak.