Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining 2024-yildagi tezkor-nazorat tadbirlari davomida tabiiy gaz va elektr energiyasining talon-toroji bilan bog‘liq 1200 dan ortiq huquqbuzarlik holati aniqlandi. AOKAda o‘tkazilgan brifingda aytilishicha, ularda 600 milliard so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.

Bosh prokuratura departamenti yil davomida 1392 ta alkogol va tamaki mahsuloti noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi. Bunda 65 milliard so‘mlik spirt, alkogol va tamaki mahsulotlari savdosining oldi olindi.

Shu bilan birga, tamakining noqonuniy aylanmasi 22 foizdan 9 foizga, alkogol mahsulotlarining yashirin aylanmasi esa 35 foizdan 18 foizga kamaydi. Natijada tamakining aksiz solig‘i tushumi 31 foizga oshdi.

Farmatsevtika sohasida ham qator huquqbuzarliklar fosh qilindi. 387 ta jinoyat aniqlanib, 38,5 milliard so‘mlik sifatsiz preparatlar va tibbiy buyumlar olib qo‘yildi.

Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishiga qaratilgan choralar natijasida 2,8 trillion so‘mlik xarajatlar maqbullashtirildi, 3,1 trillion so‘mlik noto‘g‘ri sarflanishning oldi olindi.

Mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda fermer va dehqonlar uchun dehqon bozorlarida arzonlashtirilgan savdo rastalari tashkil etildi, 3 059 ta arzonlashtirilgan savdo rastalarining doimiy faoliyati tashkillashtirildi.