Samarqand noni geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatiga kiritildi, deya xabar qilmoqda Adliya vazirligi.

4-fevral kuni ro‘yxatga olinganlik guvohnomasini adliya vaziri Akbar Toshqulov Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyevga topshirdi.

“Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etiladi. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgust oyida Buxoroning G‘ijduvon kabobi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tgandi (patentlangandi).

Geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organi Adliya vazirligi hisoblanadi. Ro‘yxatga olingan geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan foydalanish noqonuniy hisoblanadi.