Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri 45 100 nafar harbiy halok bo‘lganini, 390 ming nafari yaralanganini aytdi. Zelenskiy bu haqda britaniyalik jurnalist Pirs Morganga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.
Zelenskiy 2 oy oldin 43 ming ukrainalik harbiy halok bo‘lgani va 370 ming kishi yaralangani haqida xabar bergandi.
U Rossiyaning yo‘qotishlari haqida so‘zlarkan, taxminan 350 ming harbiy halok bo‘lganini ta’kidladi. Yana 50−70 ming nafari bedarak yo‘qolgan, 600−700 ming nafari jarohatlangan.
Ukraina va Rossiya kamdan-kam hollarda o‘z yo‘qotishlari haqida ma’lumot beradi, odatda faqat dushmanning yo‘q qilingan tirik kuchlari va texnikasi haqida xabarlarni ko‘rish mumkin.
Ushbu ma’lumotlarni mustaqil manbalardan tezkor ravishda tasdiqlash deyarli imkonsiz, deb yozadi Meduza. Nashr 2024-yil iyul oyida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin paytida halok bo‘lgan rossiyaliklarning umumiy sonini 120 ming kishi deb baholagandi.
The Wall Street Journal 2024-yilning sentabr oyida Rossiya va Ukrainaning urushdagi yo‘qotishlari 1 mln kishiga yetgani haqida yozgandi. Bunda Ukraina Qurolli kuchlarining halok bo‘lgan harbiy xizmatchilari soni 80 mingni, yaradorlar soni esa 400 ming kishini tashkil qilgani aytiladi.
G‘arb razvedkasining Rossiya yo‘qotishlari haqidagi hisob-kitoblari turlicha: ba’zi manbalarga ko‘ra, qurbonlar qariyb 200 mingga, yaradorlar soni esa 400 mingga yaqin.