AQSh pochta xizmati (USPS) Xitoy va Gonkongdan barcha xalqaro jo‘natmalar va pochta jo‘natmalarini qabul qilish qayta tiklanganini e’lon qildi, bu oradan 12 soat o‘tgach sodir bo‘ldi, deb yozadi Bloomberg.
Bir kun avval USPS Xitoy va Gonkongdan xatlardan tashqari xalqaro jo‘natmalarni qabul qilishni to‘xtatgandi. Xizmat o‘z bayonotida qarorning sababi va qancha vaqt amal qilishini ko‘rsatmagan.
Qaror AQSh prezidenti Donald Trampning Xitoydan import uchun 10 foizli bojlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonidan keyin amalga oshirildi. U, shuningdek, barchaga, jumladan, eksportchilarga 800 dollardan kam bo‘lgan jo‘natmalarni Qo‘shma Shtatlarga bojsiz yoki tekshiruvdan o‘tmasdan yuborishga ruxsat beradigan de minimis qoidasini bekor qildi.
“USPS va Bojxona chegara xizmati Xitoyning yangi tariflarini yig‘ishning samarali mexanizmini joriy etish uchun yaqindan hamkorlik qilmoqda. Ularning maqsadi yuklarni yetkazib berishda iloji boricha kamroq uzilishlar bo‘lishini ta’minlashdir”, — deyiladi pochta xizmatining 5-fevraldagi bayonotida.
CNN`ning yozishicha, yangi qoida Xitoyning Shein va Temu kabi elektron tijorat platformalariga ta’sir qilishi mumkin, ularning biznesi ushbu istisno atrofida qurilgan. Arzon mahsulotlar uchun kuchsiz cheklovlar va soliq imtiyozlari AQShga millionlab jo‘natmalarni iste’molchilar uchun arzon narxlarda olib kirish imkonini bergan, deya ta’kidlaydi telekanal.