Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga tashrifi doirasida ikki mamlakat iqtisodiy hamkorligining asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi, deb yozdi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Telegram kanalida.

TIV rahbariga ko‘ra, yetakchilar so‘nggi yillarda o‘zaro savdo, investitsiya va qo‘shma korxonalar hajmi sezilarli darajada oshganini ta’kidlagan. Uchrashuvlarda Malayziya kompaniyalari, jumladan, yuqori texnologiyalar, neft-kimyo va yashil energiya kabi yangi loyihalarning mustahkam portfeli shakllantirilgan.

“Sun’iy intellekt, raqamlashtirish, „yashil“ energetika, turizm va „aqlli“ shaharlar iqtisodiy hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridir”, — qayd etdi Baxtiyor Saidov.

2025−2026-yillar, vazir so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston-Malayziya sherikligining innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilingan.

Mamlakat rahbarlari 2030-yilga borib o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 10 barobarga, investitsiya portfelini esa 10 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan.

Saidov, shuningdek, muzokaralar yakunida Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonot imzolangani, xususan, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va akademik-diplomatik va boshqa sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolanganini qayd etdi.

Bundan tashqari, “aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma va 2025−2026-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma reja tasdiqlandi.

Shuning bilan O‘zbekiston rahbarining Malayziyaga tashrifi yakunlandi. Aeroportda mehmonni ta’lim vaziri Zambri Abdulqodir va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.