Shavkat Mirziyoyev 6-fevral kuni kimyo sanoatida 2025-yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda bu tarmoqda sezilarli o‘zgarish bo‘lgani, yangi texnologik zanjirlarni yaratish uchun investitsiyalarga keng yo‘l ochilgani bilan, yirik kimyo zavodlari faoliyati hali zamon talablari darajasida emas.
Shu bois tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Davlat rahbari mutasaddilarga hali ishlatilmagan imkoniyatlarni, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolarni ko‘rsatib o‘tdi.
“Masalan, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirib, kimyo korxonalarida qo‘shilgan qiymatni hozirgidan bir necha barobar oshirish mumkin”, — deyiladi xabarda.
Prezident bu boradagi kamchiliklarni qayd etib, yuqori texnologiyali investitsiya loyihalarini karrasiga ko‘paytirish vazifasini qo‘ydi.
Hukumatga tarmoqdagi muammolarni tezkor hal etish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish va loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berildi.
Tarmoqdagi har bir korxonani raqamlashtirish, quvvatlardan oqilona foydalanish, energiya samaradorlikni oshirish va tannarxni kamaytirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi.