O‘zbekiston va Malayziya muhim minerallar sohasida loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi. Bu haqda 5-fevral kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Malayziya iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiradi, bu elektronika va yarimo‘tkazgichlar sohasida sanoat kooperatsiyasi uchun imkoniyatlar ochadi.
Vazirlik rahbari O‘zbekiston muhim minerallar va resurslarning ulkan zaxiralariga ega ekanligini ta’kidladi, bu esa “sanoatni rivojlantirishning yangi bosqichiga o‘tish, yarimo‘tkazgichlar uchun komponentlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish” imkonini beradi.
“Biz Malayziyaning uchta yetakchi o‘yinchilari bilan yuqori tozalikdagi monokristall va polikristall kremniy, shuningdek, o‘ta toza grafit ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni yaratishni nazarda tutuvchi kelishuvlarga erishdik. Oxirgisi nafaqat yarimo‘tkazgichlar sanoatida, balki yadro energetikasida, kosmik sohada ham qo‘llaniladi,” — dedi u.
Malayziya kompaniyalari bilan hamkorlik O‘zbekiston iqtisodiyoti va mahalliy korxonalarni rivojlantirishning yangi bosqichiga olib chiqadi, dedi vazir.
Malayziyalik hamkorlar yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish sohasida o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun ham nazariy, ham amaliy ta’limni o‘z ichiga olgan alohida malaka oshirish dasturini ishga tushiradi.
“Ikkinchi muhim yo‘nalish — bu kimyo. Malayziyaning yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda qurilish materiallari, bo‘yoqlar, farmatsevtika mahsulotlari kabi muhim tarmoqlar uchun muhim bo‘lgan kimyo va komponentlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi korxonalar tashkil etmoqdamiz, yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini boshlamoqdamiz. Malayziya biz bilan texnologiyalarni baham ko‘radi va mamlakatimizda ushbu yo‘nalishlarga sarmoya kiritadi”, — dedi Laziz Qudratov.
Tomonlar avtomobilsozlik, oziq-ovqat xavfsizligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida ham hamkorlik qilish niyatida.
O‘zbekiston va Malayziya barcha loyihalarning amalga oshirilish holatini onlayn kuzatib borish imkonini beruvchi qo‘shma platforma yaratishni rejalashtirmoqda. Har chorakda ikki davlat rahbarlariga erishilgan kelishuvlar va loyihalar ijrosining borishi to‘g‘risida axborot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi eng yirik grafit konlaridan biri Buxoro viloyatining Peshku tumanida joylashgan Taskazgan konidir. Ushbu kondagi grafit zaxiralari 6,2 mln tonna, prognoz resurslari esa 40 mln tonna atrofida baholanmoqda.
Malayziyalik tadbirkorlar uchun Toshkent viloyatida barcha imtiyozlarga ega maxsus iqtisodiy zona tashkil etildi. Ularni O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chaqirib, har bir loyiha bo‘yicha alohida hukumat qarori qabul qilinishini ta’kidladi.