Malayziyaning Meraque kompaniyasi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligining aqlli texnologiyalari va dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda, deya xabar qilmoqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Ishlab chiqarishni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida tashkil etish ko‘zlanmoqda.

Bu borada vazirlik vakillari, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari rahbarlari, shuningdek, klasterlar vakillaridan iborat delegatsiyaning Kuala-Lumpurga tashrifi chog‘ida kelishuvga erishildi.

O‘tgan yilning sentabr oyida Qishloq xo‘jaligi vazirligi Meraque O‘zbekistonda 1000 ta ish o‘rni va 100 ming gektar qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish uchun uch yil davomida 20 mln Malayziya ringgiti (taxminan 4,5 mln dollar) sarmoya kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Bundan tashqari, kompaniya mintaqadagi texnologik takomillashtirish uchun yana 30 mln ringgit (6,78 mln dollar) jalb qilmoqchi.

Tomonlar, shuningdek, 100 ming fermerning samaradorligi va barqarorligini oshirish uchun qishloq xo‘jaligida dronlar ekotizimini yaratish siyosatini ishlab chiqadi. Shuningdek, Meraque dron operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash uchun o‘quv dasturlari orqali o‘qitish va bilim almashishga e’tibor qaratadi.

Ma’lumot o‘rnida, Meraque kompaniyasi 2018-yilda bino va inshootlarni boshqarish hamda xizmat ko‘rsatish bo‘yicha korxona sifatida tashkil etilgan. Vaqt o‘tishi bilan u o‘z faoliyatini kengaytirib, qishloq xo‘jaligi, telekommunikatsiya, ta’lim, akademik dasturlar va logistika sohalarida ham ish olib borgan. 2022-yilda kompaniya Germaniyaning bozor tadqiqotlariga ixtisoslashgan Drone Industry Insights konsalting agentligi tomonidan dron texnologiyalari sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar reytingida 18-o‘rinni egallagan.

Meraque Indoneziya, Filippin, Pokiston va Kambodjada ham faoliyat yuritadi.

Boshqa shartnomalar

Shu bilan birga, Malayziya Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini rivojlantirish instituti va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazi o‘rtasida imzolangan kelishuv asosida malayziyalik seleksioner olimlar tomonidan yaratilgan sho‘rga va suvsizlikka chidamli, qora, uzun hamda aromatik sholi navlarini O‘zbekistonda tajriba sifatida ekib ko‘paytirish uchun urug‘lar olib kelinadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda yetishtirilgan “devzira” sholi urug‘lari Malayziyaga jo‘natiladi.

Malayziya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vazirligining Baliqchilik departamenti hamda “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi hamkorligida O‘zbekistonda Malayziyaning yangi texnologiyalari asosida intensiv baliqchilik, bioflok va krivetka yetishtirish loyihalari, shuningdek, Malayziya Qishloq xo‘jaligi marketing agentligi bilan hamkorlikni rivojlantirish orqali O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot va ipak mahsulotlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Malayziyaning Jakim tashkiloti bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik fermerlar va tadbirkorlar uchun “Halol” sertifikati olish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Eslatib o‘tamiz, Kuala-Lumpurda Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha bojxona, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, “aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma va 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish rejasi imzolangandi.