FAO O‘zbekistonning pestitsidlar tahlili bo‘yicha laboratoriya salohiyatini kuchaytirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston laboratoriyalarining pestitsidlar tahlili borasidagi imkoniyatlarini oshirish uchun milliy seminar o‘tkazdi. Bu tashabbus Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Seminarda davlat va xususiy laboratoriyalar vakillari ishtirok etib, aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan kimyoviy tahlil va monitoring tizimlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Tadbirda laboratoriyalarni modernizatsiya qilish, kadrlar tayyorlash va idoralararo hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
FAOning bosh texnik maslahatchisi Stiven Robinsonning ta’kidlashicha, laboratoriyalar infratuzilmasini mustahkamlash va pestitsidlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish mamlakatning analitik imkoniyatlarini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
“O‘zbekiston pestitsidlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilishning muhim bosqichida. Eng mustahkam poydevorga ega institutlarni aniqlash va ularga sarmoya kiritish orqali fermerlar, bozorlar va muvofiqlashtiruvchi organlarni bog‘lovchi samarali tizimni yaratishimiz mumkin”, — deya ta’kidladi Robinson.
Xalqaro laboratoriya akkreditatsiyasi bo‘yicha maslahatchi Upali Samarajiva esa zamonaviy standartlarga mos laboratoriya tizimini yaratish zaruratiga e’tibor qaratdi: “Xalqaro laboratoriya akkreditatsiyasiga o‘tish O‘zbekistonda pestitsidlar tahliliga yondashuvni tizimli ravishda o‘zgartirishni talab qiladi. ISO/IES 17025:2017 standarti bo‘yicha akkreditatsiya sinovdan o‘tgan metodlarni ishlab chiqish va sifatni qat’iy nazorat qilishni o‘z ichiga oladi”, — dedi u.
FAO tomonidan o‘tkazilgan baholash jarayonida O‘zbekiston laboratoriyalari tarmog‘i mavjud bo‘lsa-da, ular muhim operatsion va strategik muammolarga duch kelayotgani aniqlandi. Ko‘plab laboratoriyalar moliyaviy va operatsion cheklovlar sabab xalqaro standartlarga javob bera olmaydi. Shu bilan birga, davlat, xususiy va akademik laboratoriyalar o‘rtasida raqobat mavjudligi hamkorlikni kuchaytirishga to‘sqinlik qilmoqda.
Loyihaning milliy koordinatori Elmurod Nazarovning so‘zlariga ko‘ra, laboratoriya faoliyatini rivojlantirish uchun barcha manfaatdor tomonlarning integratsiyalashuvi muhimdir. “O‘zbekistonda pestitsidlarni samarali boshqarish butun institutsional tuzilma bo‘ylab to‘xtovsiz muvofiqlashtirishni talab qiladi. Ushbu aloqalarni mustahkamlash orqali biz inson hayotini va atrof-muhitni himoya qilishga xizmat qiladigan tizim qurishimiz mumkin”, — dedi u.
Seminar ishtirokchilar FAO tomonidan 2024-yil so‘ngida o‘tkazilgan bazaviy baholash jarayoni bilan bog‘liq masalalarni ko‘tardilar. Baholash jarayonida oziq-ovqat va atrof-muhitdagi pestitsidlar, o‘g‘itlar va qoldiqlarni tahlil qila oladigan laboratoriyalar o‘rganilgan edi. Ushbu baholash Xalqaro Savdo Markazining (ITC) laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish bo‘yicha olib borayotgan ishlari bilan birgalikda O‘zbekistonda laboratoriya salohiyatini oshirish bo‘yicha strategik yo‘l xaritasini ishlab chiqish uchun qimmatli ma’lumot bilan ta’minlaydi.
Laboratoriya operatsiyalarini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar, jumladan, operatsion xarajatlarni hisobga oladigan barqaror biznes modellarini ishlab chiqish, inson resurslarini rag‘batlantirish (kadrlarni tayyorlash) va infratuzilmani takomillashtirish ham seminarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Tashabbus eskirgan standartlardan xalqaro miqyosda tan olingan metodologiyalarga o‘tish, “Maqbul laboratoriya amaliyoti” (Good Laboratory Practice) va 5 Batch Analysis (sifat nazorati va tarkibiy tahlil bo‘lib, pestitsidlarning 5 ta partiyasini alohida-alohida tahlil qilishni nazarda tutadi) standartlarini joriy etishga yordam beradi. Asosiy e’tibor ilmiy yo‘nalishni saqlab qolgan holda agrar sohada faoliyat olib boruvchilar uchun aniqlangan natijalarni to‘g‘ri talqin qilish tizimlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
FAO vakillari laboratoriyalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha texnik ko‘mak berish va ushbu tizimni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatli joriy etish uchun o‘z sa’y-harakatlarini davom ettirishini bildirdi.