Isroil mudofaa vaziri Israel Kats Isroil mudofaa armiyasiga (SAHAL) G‘azo sektori aholisiga “ixtiyoriy ravishda anklavni tark etish” va ularni qabul qilishga rozi bo‘lgan istalgan joyga ketish imkonini beruvchi reja tayyorlashni buyurdi, deb yozadi The Times of Israel vazir idorasi bayonotiga tayanib.
Rejada quruqlikdagi o‘tish joylari orqali chiqish, shuningdek, dengiz va havo yo‘llari orqali chiqish uchun “maxsus kelishuvlar” ko‘zda tutiladi. “G‘azo aholisiga butun dunyoda bo‘lgani kabi chiqish va immigratsiya erkinligi berilishi kerak”, — deya vazirning so‘zlarini keltiradi nashr.
Kats bu haqda kecha AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan qo‘shma matbuot anjumanida AQSh G‘azo sektorini “o‘z nazorati ostiga olishini” aytganidan so‘ng ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, falastinliklar G‘azoga qaytmasligi kerak, chunki bu hudud “ular uchun juda noqulay”. G‘azo o‘rniga, uning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklarga yashash uchun “yaxshi, yangi, chiroyli yer maydoni” berish kerak.
Trampning so‘zlari arab davlatlari va AQShning boshqa ittifoqchilarining noroziligiga sabab bo‘ldi, deb yozadi Washington Post. Saudiya Arabistoni qirollik “poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil Falastin davlatini barpo etish bo‘yicha tinimsiz sa’y-harakatlarni davom ettirishi va busiz Isroil bilan diplomatik aloqalar o‘rnatmasligi” haqida bayonot e’lon qildi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, o‘z navbatida, G‘azoda “etnik tozalashning har qanday shakliga” qarshi chiqdi, biroq Trampning taklifini tilga olmadi. “Yechim izlashda muammoni chigallashtirmasligimiz kerak”, — dedi u.
Oq uy Tramp bayonotining ba’zi qismlarini yumshatishga harakat qildi. Oq uy matbuot kotibi Karolin Livitt jurnalistlarga Trampning taklifiga ko‘ra, falastinliklar Tramp aytganidek, butunlay emas, balki vaqtincha ko‘chirilishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Trampning rejasi “AQSh harbiylarining G‘azo sektorida bo‘lishini anglatmaydi”. Tramp esa bir kun avval G‘azoda xavfsizlikni ta’minlashga yordam berish uchun AQSh qo‘shinlarini yuborishini istisno qilmagandi.