6-fevral kuni Toshkentda O‘zbekiston va Shveysariya mamlakat birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimovaning musodara qilingan aktivlarini taqsimlash bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Adliya vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hujjatni adliya vaziri Akbar Toshqulov va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy imzoladi. Kelishuv doirasida O‘zbekistonga taxminan 182 mln dollar qaytariladi.
“Mazkur mablag‘lar O‘zbekistonning ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan bo‘lib, 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan Karimovaga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yurituvi doirasida to‘laqonli musodara qilingan edi”, — deyiladi xabarda.
Mablag‘ O‘zbekistonga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Uzbekistan Vision 2030 ko‘p sheriklik trast jamg‘armasi orqali qaytariladi.
2022-yil 16-avgust kuni Bern shahrida mamlakatlar o‘rtasida O‘zbekiston aholisi manfaatlari yo‘lida musodara qilingan noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni qaytarish bo‘yicha kelishuv imzolangandi.
Bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar O‘zbekistonga qaytarilishini nazarda tutardi. Yangi bitim imzolanishi bilan O‘zbekiston aholisining manfaatlari yo‘lida qaytarilgan mablag‘larning jami miqdori 313 mln dollarga yetadi.
Uzbekistan Vision 2030 jamg‘armasi orqali qaytariladigan mablag‘lar O‘zbekiston aholisi manfaatlarini ko‘zlab ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarga, xususan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga yo‘naltirilishi ta’kidlangan. 2023-yil sentabr oyida fond O‘zbekistonda oldini olish mumkin bo‘lgan onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar o‘limini kamaytirishga qaratilgan BMTning yangi dasturini moliyalashtirish uchun 43,5 mln dollar ajratgan.
Jamg‘arma va uning loyihalari haqida ma’lumot fondning ishonch.org saytida mavjud.
Gulnora Karimova va u boshqargan jinoiy guruhga aloqador Fransiya, AQSh, Latviya va boshqa mamlakatlardagi aktivlarining umumiy miqdori qariyb 1,4 mlrd dollar yoki 15 trillion so‘mga baholanadi. Adliya vaziri o‘rinbosari Muzraf Ikromov 2022-yilda bu mablag‘ga 1400 ta maktab qurish mumkinligini ta’kidlagandi.
Gulnora Karimovaga nisbatan 2015-yilda 5 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, keyinroq — 2019-yilda u koloniyaga o‘tkazilgan. 2020-yil mart oyida u “davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va O‘zbekiston manfaatlariga zid bitimlar tuzish, shuningdek, o‘ta yirik miqdorda tovlamachilik yo‘li bilan birovning mulkini tortib olish” uchun yana 13 yilu 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgandi.