Isroil BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashidan (IHK) chiqishini e’lon qildi, bir kun avval AQSh ham shunday qarorga kelgandi. Bu haqda mamlakat TIV rahbari Gideon Saar o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

Saarning yozishicha, Isroil AQSh prezidenti Donald Trampning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi ishida ishtirok etmaslik qarorini olqishlaydi. “BMT IHK an’anaviy ravishda inson huquqlarini buzuvchilarni himoya qiladi, ularga sinchkovlik bilan o‘rganishdan yashirinishga imkon beradi va buning o‘rniga Yaqin Sharqdagi yagona demokratiya — Isroilni qoralaydi. Isroil ortiq bunday kamsitishlarni qabul qilmaydi!” — dedi Saar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil 100 dan ortiq qoralovchi rezolyutsiyalarga duchor bo‘lgan. Bu kengash tomonidan qabul qilingan barcha rezolyutsiyalarning 20 foizdan ortig‘ini tashkil etadi va Eron, Kuba, Shimoliy Koreya va Venesuelaga nisbatan qabul qilingan rezolyutsiyalardan ham ko‘proqdir, deya aniqlik kiritdi Saar. Avvalroq Isroil hukumati BMT Inson huquqlari kengashi faoliyatini bir necha bor tanqid qilgan, mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa kengashning rezolyutsiyalaridan biridan keyin tashkilotning “Isroilga qarshi jazavasi borligi” haqida yozgan.

4-fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp BMT IHK tarkibidan chiqish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.

Inson huquqlari bo‘yicha kengash — BMT tizimidagi hukumatlararo organ bo‘lib, uning tarkibiga 47 ta davlat kiradi. U 2006-yilda BMT Bosh assambleyasi tomonidan “butun dunyoda inson huquqlarini hurmat qilish va himoya qilishga ko‘maklashish” maqsadida tashkil etilgan. O‘sha paytda AQSh prezidenti kichik Jorj Bush edi, ammo mamlakat kengashga 2009-yilga kelib — Barak Obama davrida qo‘shilgan.