Prezident 5-fevral kuni Kuala-Lumpurga rasmiy tashrifi chog‘ida Toshkent viloyatida Malayziya kompaniyalari uchun maxsus iqtisodiy zona tashkil etilganini ma’lum qildi.

“Biz Malayziya kompaniyalari uchun barcha imtiyozlarga ega iqtisodiy zona ochdik. Bu nima degani? Butun dunyo hamjamiyati tadbirkorlari uchun qanday imkoniyatlar ochilgan bo‘lsa, sizlarga ham alohida bo‘ladi. O‘zim nazorat qilaman. Yer tayyor, kommunikatsiya tayyor”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanalidagi reportajda.

Davlat rahbari O‘zbekiston bilan Malayziya o‘rtasidagi masofa uzoqligini, biroq “hamkorlik uchun kuchli iroda va xohish yuksakligini” qayd etdi.

O‘zbekiston prezidenti Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim bilan energetika, sun’iy intellekt, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi loyihalarni, shuningdek, ma’lumotlar markazlarini yaratish masalalarini muhokama qilganini qo‘shimcha qildi.

“Biz birgalikda ko‘p-ko‘p masalalarni kelishib oldik, yechimi yo‘q birorta masala qolmadi. Vaqt shiddat bilan tez o‘tyapti. Bugungi kelishuvlarni amalda bajarish uchun nima kerak bo‘lsa, o‘sha sharoitlarni yaratishga tayyormiz. Bizda xohish bor, sizlarda texnologiya bor. Ana shu xohish va texnologiyani birlashtirsak, juda ulkan natijalar bo‘lishiga ishonaman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari 2016-yilda O‘zbekistonga 1 mlrd dollar, 2024-yili esa 35 mlrd dollar xorijiy investitsiya kiritilgani xorijiy investorlarning ishonchidan dalolat ekanini ta’kidladi.

Prezident Malayziyadan kelgan tadbirkorlar va hamkorlarga shaxsan o‘zi kafolat berayotganini aytdi.

“Har bitta loyihangiz bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining alohida qarori chiqadi, mas’ul va javobgar bo‘ladi. Biz birodarim [Anvar Ibrohim] bilan, albatta, nazoratga olamiz. O‘zbekiston sizlar uchun ochiq ekanligiga ishonishingiz kerak. O‘zbekiston sizlar uchun O‘rta Osiyoga darvoza. Biz ochiqlik siyosati bilan kutib olishga harvaqt tayyormiz”, — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev va Anvar Ibrohimning Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha bojxona, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, “aqlli” shaharlarni rivojlantirish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma va 2025−2026-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish rejasi imzolandi.

Prezident Malayziyaning Petronas kompaniyasi O‘zbekistonda xomashyoni chuqur qayta ishlash va “yashil” energetika loyihalarini amalga oshirish borasidagi istiqbolli rejalarni qo‘llab-quvvatladi. Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish bo‘ladi.