YXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi (DIIHB) Tojikistonda 2-mart kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini kuzatuvchi missiyasini mamlakat hukumati tomonidan kafolat yo‘qligi sababli bekor qildi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.
“Tojikistonda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlarini kuzatishimiz endi imkonsiz ekanidan chuqur afsusdamiz. Ammo kuzatuvchilarimiz saylov kuniga bir oydan kamroq vaqt qolganida o‘z vazifalarini bajara olishi uchun rasmiy kafolatlarning yo‘qligi kuzatuvdan bosh tortishimizni muqarrar qildi”, — dedi DIIHB direktori Mariya Telalyan.
DIIHB 22-yanvar kuni kuzatuv missiyasini ochgandi, biroq Dushanbeda joylashgan ekspertlar guruhi ishni boshlay olmadi. “DIIHB ekspertlari va xalqaro kuzatuvchilar saylovni kuzatish uchun zarur bo‘lgan akkreditatsiyani olishlari to‘g‘risida kafolatlarning yo‘qligi muammoga oydinlik kiritishga bo‘lgan ko‘plab urinishlar va rasmiylardan rasmiy javob berish muddatining uzaytirilishi ortidan sodir bo‘ldi”, — deyiladi bayonotda.
Tashkilotning qayd etishicha, DIIHB saylovni kuzatish bo‘yicha missiyalarni davlatlar taklifiga binoan jo‘natadi va mezbon hukumatlar ularning “samarali va to‘sqinliksiz ishlashi” uchun shart-sharoitlarni ta’minlashi kerak. “Akkreditatsiya bilan bog‘liq davom etayotgan noaniqlik jarayonning yaxlitligini buzadi”, — deyiladi bayonotda.
DIIHB missiyasi tarkibiga Tojikiston poytaxtidagi 11 nafar xalqaro ekspert va 29-yanvardan boshlab butun mamlakat bo‘ylab joylashtirilishi rejalashtirilgan 22 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi kiritilgandi. Byuro, shuningdek, saylovga bir necha kun qolganda 150 nafar qisqa muddatli kuzatuvchi kelishini so‘rashni rejalashtirgandi.
Kuzatuv yakunlari bo‘yicha missiya an’anaviy tarzda saylov jarayonini baholash va ekspert tavsiyalaridan iborat oraliq va yakuniy hisobotni e’lon qiladi.