Panama hukumati AQSh Davlat departamentining mamlakat Qo‘shma Shtatlar hukumatiga tegishli kemalar uchun Panama kanali orqali o‘tish to‘lovini bekor qilishga rozi bo‘lgani haqidagi bayonotini rad etdi, deb yozmoqda CNN.
“Kanaldan o‘tish uchun bojlar va boshqa to‘lovlarni belgilash vakolatiga ega bo‘lgan Panama kanali ma’muriyati [AQSh kemalari uchun] hech qanday tuzatishlar kiritmaganini ma’lum qiladi”, — deya bayonot berdi ma’muriyat va AQSh bilan muloqotga tayyorligini qo‘shimcha qildi.
AQSh Davlat departamenti 5-fevral kuni “AQSh hukumati kemalari endi Panama kanali orqali to‘lovsiz o‘tishi mumkin”ligini bildirgandi. “Bu AQSh hukumatiga yiliga millionlab dollar tejash imkonini beradi”, — deyiladi departamentning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Prezident Donald Tramp lavozimga kirishishidan oldin ham Panama rahbariyatini Panama kanali orqali o‘tish uchun Amerika kemalaridan “ko‘proq pul olmoqda” deb ayblagandi. “Panama kanali mamlakatimiz uchun juda muhim. Uni Xitoy boshqaradi. Xitoy. Panama kanalini Panamaga berdik, Xitoyga bermadik. Va ular buni suiiste’mol qilishdi”, — degandi Tramp.
O‘tgan yakshanba kuni Tramp yana bir bor Panama kanalini AQSh nazoratiga “qaytarishga” va’da berib, Amerika tomonidan “kuchli” harakatlar bilan tahdid qildi.
“Xitoy Xitoyga berilmagan Panama kanalini boshqaradi, u ahmoqlik bilan Panamaga berilgan, ammo ular kelishuvni buzdi va biz uni qaytarmoqchimiz yoki juda kuchli nimadir sodir bo‘ladi”, — degan Tramp jurnalistlar bilan suhbatda.
3-fevral kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Amerikaga safari chog‘ida Panama prezidenti Xose Raul Mulino bilan uchrashdi. Muzokaralar yakunida Panama Xitoy bilan “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini uzaytirishdan bosh tortdi.
1977-yilda AQSh prezidenti Jimmi Karter va Panama rahbari Omar Torrihos kanalni bosqichma-bosqich AQSh nazoratidan chiqarish to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. 1999-yilda kanal butunlay Panamaga o‘tgan. U Panama hukumati tomonidan qo‘yiladigan Panama kanali ma’muriyati tomonidan boshqariladi.