2024-yilda O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori o‘tgan yillardagi faol rivojlanishdan so‘ng o‘sish sur’atlari pasayishini ko‘rsatdi. Bu haqda Markaziy bank tahlilida (rus tilida) aytiladi.
Sotib olish, sotish va ijaraga berish segmentlaridagi faollik yo pasaydi, yo 2023-yil darajasida saqlanib qoldi, bu esa “talabning muvozanatlashuviga va narxlarning o‘rtacha o‘sishiga” olib keldi.
Biroq to‘rtinchi chorakda (oktabr-dekabr) bozor jonlandi: bitimlar soni oshdi va narx ko‘rsatkichlari ijobiy dinamikani ko‘rsatdi.
2024-yilda jami 329 mingta shartnoma tuzildi, bu 2023-yilga nisbatan 2,2% kam (335 ming, o‘shanda 4,4% o‘sish kuzatilgan).
Oktabr-dekabr yakunlariga ko‘ra, mamlakatda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq 81,8 mingta bitimlar tuzilgan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,6% ko‘p. Markaziy bank hisob-kitoblarida 25-dekabrgacha bo‘lgan davr ko‘zda tutiladi, shuning uchun oyning yakuniy dinamikasi farq qilishi mumkin.
Qaysi hududlarda ko‘chmas mulk bozori faolligi pasaydi?
Navoiy, Toshkent, Buxoro, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar sonining kamayishi qayd etildi. Sirdaryo, Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida faollik deyarli o‘tgan yilgi darajada saqlanib qoldi. Boshqa hududlarda o‘sish o‘rtacha bo‘ldi.
Daromadlar oshishi, aholi o‘sishi va urbanizatsiya kabi omillar uy-joyga bo‘lgan talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etgan bo‘lsa-da, ipoteka kreditlashning sekinlashishi, qurilishning yuqori sur’atlari va bozorning qisman to‘yinganligi narxlarning shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ushbu o‘zgarishlar uy-joy narxini pasaytirdi.
Uy-joy narxlari qanday o‘zgardi?
Birlamchi bozorda narxlar so‘mda 11,4%, dollarda esa 6,7% oshdi. Taqqoslash uchun: 2023-yil yakuniga ko‘ra o‘sish mos ravishda 39,6% va 26,9%, 2022-yil fevral-dekabrda esa 16,6% va 12,9% ni tashkil etgan.
Ikkilamchi bozorda uy-joy narxi bir yil davomida so‘mda 6,3%, dollarda esa 1,8% oshdi. 2023-yilda o‘sish 35,1% va 23%, 2022-yilda esa 27,7% va 23,3% ni tashkil etgan.
Regulyatorning fikricha, yangi uy-joylar narxlarining nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari uning xaridorlar orasida talabgirligi bilan izohlanadi, yangi binolar uchun berilgan ipoteka kreditlarining asosiy ulushi saqlanib qolgani ham bundan ham dalolat beradi. Ipoteka kreditlari bozorining birlamchi ulushi 2023-yildagi 59% dan 2024-yilda 66% gacha oshdi.
Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joylarning so‘mdagi narxi atigi 2,5% oshib, 14,94 million so‘mdan 15,32 million so‘mgacha (9,8% dagi inflyatsiya darajasidan past) o‘sgan bo‘lsa, 2023-yilda o‘sish 42,8% va 29,8% ni tashkil etgan. Dollarda narxlar 1,8% — 1212 dan 1190 dollarga tushdi.
Toshkent viloyatida ikkilamchi uy-joy narxi so‘mda 8,3% (44,4% edi), dollarda 3,7% oshgan.
Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Buxoro viloyatida — so‘mda 14,7% va dollarda 9,9% (so‘mda 38,8% edi), Surxondaryo viloyatida — 12,6% va 7,9% (so‘mda 23,7%) qayd etildi.
Ijara
O‘zbekistonda uy-joy ijarasi narxi o‘rtacha 2,4% oshdi. Shu bilan birga, bozorda yil davomida narx o‘sishining sekinlashish tendensiyasi kuzatildi.
Toshkent shahrida ijara to‘lovlari 8,2% kamaydi. Biroq ba’zi hududlarda to‘rtinchi chorakda o‘sish kuzatildi.
Toshkent viloyatida uy-joy ijarasi narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7%, Samarqand va Navoiy viloyatlarida 3,4%, Xorazm viloyatida 21,5% oshdi.
Farg‘ona (-3,5%) va Buxoro (-5,4%) viloyatlarida yil yakunida narxlarning pasayishi kuzatildi.
Ijara stavkasi o‘sishining sekinlashishi taklifning oshishi bilan “talabning normallashuvini aks ettiradi”, deb ta’kidlaydi MB. Toshkent shahrida 2024-yilda taklifning oylik o‘sishi 2−3% ni tashkil etgan bo‘lsa, hududlarda taklif yanada sezilarli darajada oshdi.
Yer uchastkalari narxlari
Toshkent shahrida dekabr oyida 100 sotix yerning (100 kv.m) o‘rtacha qiymati 352 million so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan (362 million so‘m) 2,9% kam. Narxlar o‘tgan yilning ikkinchi yarmida barqarorlasha boshladi. 2022-yilda o‘rtacha narx 263 million so‘mni tashkil qildi.
Poytaxtdagi yer uchastkalari hududlarga qaraganda ancha qimmatligicha qolmoqda. Masalan, Toshkent shahrida yer narxi Toshkent viloyatidagidan 3,5 baravar qimmat (100 million so‘m).
Toshkent shahri va Toshkent viloyati o‘rtasida ikkilamchi uy-joylar narxidagi farq 1,8 baravar, Samarqand viloyati bilan esa 1,5 baravarga teng.
O‘tgan yilning birinchi yarmi natijalariga ko‘ra, uy-joy narxi yuqoriligicha qoldi — uning bozor narxi asosiy (“obyektiv”) narxdan 28% yuqori bo‘ldi. Narxlar ish haqiga nisbatan 1,8 barobar tezroq o‘sdi. Buning fonda Markaziy ehtimoliy “korreksiya”, ya’ni narxlarning pasayishiga ishora qildi.