2025-yilning yanvar oyi nisbatan iliq keldi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet agentligi oy yakunlari bo‘yicha meterologik hisobotida.

O‘rtacha oylik havo harorati iqlim me’yoridan 0,5−1 darajaga, shimolda 2−3 darajaga, Ustyurtda 4 darajaga yuqori bo‘ldi. Oying birinchi va uchinchi o‘n kunliklarida respublika hududi bo‘yicha sovuq to‘lqinlar kuzatildi, bunda harorat me’yordan 2−3 darajaga, 23−24-yanvar kunlarida esa 4−5 darajaga past bo‘lishi qayd etildi.

Yanvarning ikkinchi o‘n kunligi iliq bo‘ldi, hududning katta qismida me’yordan 1−3 darajaga yuqori bo‘lishi qayd etildi. Eng sovuq kechalarda havo harorati −3…−8 darajagacha, shimolda −9…−14 darajagacha pasaydi.

Infografika: O‘zgidromet.Infografika: O‘zgidromet.

Hududning katta qismida eng iliq kunlarda havo +11…+16 daraja, janubda ba’zi joylarda +17…+19 darajagacha isidi.

Sinoptiklarga ko‘ra, bu yilgi yanvar qish mavsumining eng sovuq oyi sifatida o‘z nomini oqlay olmadi. 2024-yil dekabr oyining o‘rtacha oylik harorati 2025-yilnikiga nisbatan 1−2 daraja past bo‘lib, dekabrdagi sovuqlar esa yanvar oyi sovuqlariga nisbatan kuchliroq bo‘lgan.

2025-yil yanvar oyi 2023-yil yanvar oyidagi kabi sovuq (ushbu asrdagi ikkinchi eng sovuq yanvar oyi, 2008-yildan keyin) va 2024-yil yanvar oyidagi kabi iliq bo‘lmadi. U meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi.

Infografika: O‘zgidromet.Infografika: O‘zgidromet.

Yanvar oyi juda quruq keldi. Respublika hududining katta qismida oy davomida yog‘ingarchilik me’yordan 50 foizdan kam bo‘ldi. Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘istonning janubi, Farg‘ona vodiysi va Buxoro, Navoiy viloyatlari hududlarining katta qismi eng qurg‘oqchil hududlar bo‘lib, ularda oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan 20 foizdan kam bo‘ldi, deyiladi hisobotda.

Faqat Surxondaryo viloyatida va Qoraqalpog‘istonning shimoliy hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik me’yor atrofida va undan ko‘p bo‘ldi.

Tekislik hududlarda yog‘ingarchilik asosan yomg‘ir ko‘rinishida yog‘di. Ayrim kunlarda ba’zi joylarda yomg‘ir qorga aylanishi kuzatildi, ammo hududning katta qismida qor qoplami hosil bo‘lmadi. Qisqa muddatga (1−2 kun) balandligi 0,5 sm dan 3 sm gacha bo‘lgan qor qoplami faqat respublikaning markaziy va janubi-sharqiy hududlarining ba’zi joylarida kuzatildi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida oy davomida qor qoplamining ko‘payishi qayd etildi, biroq tog‘li hududlarning katta qismida qor o‘rtacha ko‘p yillik va o‘tgan yilgi qiymatlardan kam bo‘ldi.

Oy oxirida tog‘larda qor zaxiralari me’yordan 50−70 foizni, Qamchiq dovoni hududida 40 foizni tashkil etdi. Faqat Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanining o‘rta tog‘ hududlarida (Chimyon meteostansiyasi ma’lumotlari bo‘yicha) qor balandligi o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘ldi.

Yanvar oyida tez-tez tuman hodisalari kuzatildi, ko‘rinuvchanlik esa 50−500 metrgacha yomonlashdi.