Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yo‘l patrul xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan yana bir haydovchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi, deya xabar bermoqda viloyat YHXX.

Qayd etilishicha, holat 4-fevral kuni soat 19:10 da sodir bo‘lgan. M37 avtomobil yo‘lining 34-kilometrida xizmat olib borayotgan YPX xodimi to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan Cobalt`ning yoniga kelib, haydovchidan hujjatlarini so‘ragan.

Biroq haydovchi me’yoriy hujjatlarni taqdim qilmagan va qonuniy talabga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib ketgan. Tarmoqlarda tarqalgan videolarda mashinada haydovchi eshigiga tirmashib olgan YPX xodimi ketayotganini ko‘rish mumkin.

“Baribir, meni topishdi. IIO xodimi va oila a’zolaridan kechirim so‘rayman. Pushaymonman. YPX xodimidan qochib, oxiri qamoqqacha yetib keldim. Barcha haydovchilarga aytamanki, „gai“ to‘xtatganida to‘xtasin, menga o‘xshab shunaqa vaziyatga tushib qolmasin”, — deydi haydovchi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Haydovchi protsessual tartibda ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Samarqand shahrida Onix haydovchisi YPX inspektorining to‘xtash talabiga e’tibor bermay, uni avtomobil kapotida sudrab qochib ketgandi. Xodim yerga yiqilib jarohat olgan, haydovchi ushlangan.