O‘zbekistondagi banklar avtokredit berishda avtomobillarga chegirmalarni hisobga olishni boshlaydi. Bu haqda juma kuni prezident huzurida xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish uchun taksi agregatorlaridan biri 2000 ta avtokredit bo‘yicha kafil bo‘lishni taklif qildi, bu 4000 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Qayd etilishicha, ushbu tashabbus tufayli yo‘llarda ko‘proq zamonaviy taksilar paydo bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, banklar bunday loyihalar uchun 1 trln so‘m kredit ajratishga tayyor.

Avtosalonlar avtomobil uchun to‘liq to‘lovni amalga oshirganda chegirma beradi, ammo banklar amaldagi qoidalar tufayli avtokredit berishda uni qabul qilmaydi. Agar banklarga chegirmalarni hisobga olishga ruxsat berilsa, kredit stavkasi 4 foizga pasayadi.

Prezident mahalliy avtomobillar uchun bu cheklovni olib tashlash muhimligini ta’kidladi.

Umuman olganda, 2025-yilda transport xizmatlari hajmini 15 foizga oshirib, 185 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Transport xizmatlari eksporti 2,2 milliard dollarga yetkazilishi kerak.

2023-yil sentabr oyida Markaziy bank avtokredit ajratish bo‘yicha banklarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirdi. Banklarning kredit portfelidagi avtomobil sotib olish uchun qarzlarning ulushi qarzlarning konsentratsiyasi bilan bog‘liq xatarlar tufayli 25 foizdan oshmasligi kerak.

1-iyuldan boshlab Markaziy bank aholiga kreditlar berish bo‘yicha talablarni oshirdi. Regulyator kredit bo‘yicha o‘rtacha to‘lovlarning qarz oluvchining o‘rtacha oylik daromadiga nisbati orqali hisoblanadigan qarz yuki ko‘rsatkichini joriy etdi.

Ushbu chora-tadbirlar fonida o‘tgan yilning 9 oyida banklar tomonidan aholiga jami 12,79 trln so‘mlik avtokreditlar ajratildi, bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 2,36 baravarga kamdir. Uchinchi chorakda avtokreditlar berish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan uch baravardan ko‘proq qisqardi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) kreditlashning sezilarli darajada pasayishi fonida avtomobil ishlab chiqaruvchilari va dilerlari talabni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rganini ma’lum qilgandi. Kompaniyalarning bir qismi (GM Uzbekistan, BYD va Kia) bir qator modellarga chegirmalar joriy qilgan, qolganlari esa (GM Uzbekistan, BYD, Chery) foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyatini taklif qilgan.