O‘zbekistonda 2022-yilda joriy etilgan savdo va xizmatlar sohasidagi korxonalarga ijtimoiy soliqni 1 foiz qilib belgilash bo‘yicha imtiyoz muddati 3 yilga uzaytiriladi. Bu haqda xizmatlar sohasida bo‘yicha o‘tkazilgan prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Imtiyoz berilganidan keyingi davrda korxonalar soni 1,5 karra oshib, ulardagi ishchilar 220 mingga ko‘paygan.
“Muhimi, ko‘p korxonalar “soya”dan chiqib, oylikni to‘g‘ri ko‘rsatishga o‘tgani hisobiga, ish haqi 3,2 karra ko‘payib, qo‘shimcha 2,1 trln so‘m soliq tushdi. Shu bois ko‘p tadbirkorlar imtiyoz muddatini yana uch yilga uzaytirishni so‘ramoqda”, — deya ta’kidladi prezident.
Shavkat Mirziyoyev bu taklifni ma’qulladi. Qayd etilishicha, endilikda imtiyoz servis korxonalarining kamida 3 mln so‘m oylik oladigan 30 yoshgacha bo‘lgan ishchilariga qo‘llaniladi.
Va aksincha, xufiyona faoliyat yuritib, “konvertda” oylik to‘layotgan tadbirkorlar ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalariga ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan (kunbay, ishbay) mehnat shartnomasini tuzishga ruxsat beriladi.