O‘zbekiston tijorat banklari developerlardan tijoriy ko‘chmas mulklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu haqda 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan prezident raisligidagi yig‘ilishda aytildi.

Oxirgi uch yilda O‘zbekistonda 3 mingta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirilgan va 38 mln kvadrat metr noturar joy paydo bo‘lgan.

Developerlarga yangi massivlar hududining 10−15 foizini noturar toifaga o‘tkazishga ruxsat berildi. Ular bu mulkni sotishdan, savdo va servis tarmoqlari esa ijaraga yoki lizingga olishdan manfaatdor, lekin ularni bir-biriga bog‘lovchi tizim yo‘q, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

Prezident banklarning developerlardan mulklarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish va tadbirkorlarga ijara yoki lizingga berish taklifini ma’qulladi.

Bu orqali 50 ming kvadrat metrli noturar joylar muomalaga kirishi, budjetga 70 mlrd so‘m tushum tushishi va 100−150 ming ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Eng muhimi, lizing shartlari ijaraga nisbatan kamida 15−20 foiz arzon bo‘ladi, deya ta’kidladi prezident.

Shavkat Mirziyoyev developerlar bilan ishlab, noturar joylarni o‘ziga biriktirilgan sohalarda lizingga berish bo‘yicha 4 trln so‘mlik loyihalar paketini tayyorlashga topshiriq berdi.