O‘zbekistonda xizmatlar sohasida raqobatbardoshlikni oshirish bevosita hudud va tarmoqlarni raqamlashtirish darajasi bilan bog‘liq, deya ta’kidladi prezident Shavkat Mirziyoyev 7-fevraldagi yig‘ilishda.
Davlat rahbari o‘tgan yilning iyun oyida temiryo‘l va aviachiptalarni kamida olti oy oldin sotuvga chiqarish, barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirishга ko‘rsatma bergan edi.
Prezident Transport vazirligiga barcha turdagi yo‘lovchi transportiga chipta olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirish kechikayotganini aytdi.
Kadastr agentligiga ko‘chmas mulk manzillarining yagona reyestrini tez fursatda oxiriga yetkazish topshirildi.
“Takror aytaman. Qaysi rahbar raqamlashtirishni kechiktirsa, ochiqlik siyosatimizga qarshi chiqqan bo‘ladi”, — dedi u.
Vazirlar Mahkamasiga har bir vazir va hokimga raqamlashtirish bo‘yicha alohida KPI, aniq vazifa va muddatlarni belgilab berish topshirildi.
Turizm qo‘mitasi turistlar mehmonxona, dam olish maskanlarini “bron” qilish, avia va temir yo‘l, muzey, teatrga chipta sotib olish, gid va tarjimonlarni yollash kabi xizmatlarni masofadan turib olish imkonini beradigan yagona platformani ishga tushirishi lozim.
Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari O‘zbekistonga kirish uchun elektron vizani 3 kunda rasmiylashtirish imkonini yaratishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yildagi nizomga ko‘ra, xorijiy fuqaroga elektron viza e-visa.gov.uz tizimi orqali beriladi. U kiritilgan kundan boshlab 30 kungacha bo‘lgan muddatga taqdim etiladi. Elektron viza bilan O‘zbekistonga bir martalik, ikki martalik va ko‘p martalik kirishga ruxsat olish mumkin. Elektron vizani ro‘yxatdan o‘tkazish va berish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati ariza topshirilgan kundan tashqari 2 ish kunini tashkil etadi.