Toshkent shahri va Toshkent viloyati chegarasidagi havo sifati tahlil qilinganda hududda ifloslantiruvchi moddalar miqdori me’yordan oshmagani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya vazirligi.
Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi va Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray va Toshkent tumanlarida atmosfera havosining ifloslanishi darajasini kamaytirish va ifloslantiruvchi gazlarning belgilangan me’yordan ortib ketishi sabablari, aholi salomatligini saqlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilishi holatlarini aniqlash, tahlil qilish va ularga nisbatan chora ko‘rish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, 4-fevral kuni o‘rganish davomida ommaviy axborot vositalari ishtirokida Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent halqa avtomobil yo‘li bo‘ylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi bo‘yicha ko‘chma laboratoriya orqali THAYda Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent Pediatriya tibbiyot institutigacha bo‘lgan hududidan havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha tahlillar olib borilgan.
“Tahlil natijalariga ko‘ra, PM2,5 va PM10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori belgilangan me’yoridan ortiqcha tashlanayotgani holati aniqlanmadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Bundan tashqari, mavjud issiqxonalar faoliyati doimiy ravishda o‘rganilib, issiqxonalarni isitish uchun shina, sellofan, parranda go‘ngi va boshqa zararli tutun chiqaruvchi ashyolardan foydalanilishining oldini olish, shuningdek, issiqxonalar dudburonlariga davlat standartlari talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalari (filtr) o‘rnatish bo‘yicha profilaktik tadbirlar olib borilgan.
Nazorat tadbiri davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 27 nafar issiqxona egalariga ma’muriy jarima qo‘llanilgan, 33 tasi bo‘yicha faoliyatini to‘xtatish yuzasidan da’vo arizalari kiritilgan, 166 tasi davlat standarti talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan taqdirda, qonunchilikka ko‘ra jarimaga tortilishlari haqida ogohlantirilgan.
Tarmoqlar va havo sifatini monitoring qiluvchi platformalarda havo sifati yomonlashgani qayd etildi.
Yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent havosi sifati yomonlashgani haqida postlar ko‘paydi. Jumladan, 20 mingga yaqin Instagram foydalanuvchilari #BIZGATOZAHAVOKERAK heshtegi tushirilgan posterni o‘z Story`lariga joyladi.
Instagram`da ulashilgan poster. Foto: Twitter/@mirzozominiy
Bloger Mirzo Zominiy poytaxt va hududlarda havoning ifloslanish darajasi yomonlashganiga e’tibor qaratdi. U o‘z Telegram kanaliga havo sifatini monitoring qiluvchi portallardan olingan skrinshotlarni joylab bordi. Xususan, Ekologiya vazirligi vakillari tahlillar o‘tkazgan 4-fevral kuni joylangan skrinshotda O‘zbekiston, jumladan, Toshkent shahrida havo sifati sog‘liq uchun zararli deya baholanganini ko‘rish mumkin.
4-fevral kuni O‘zbekistondagi havo sifati ko‘rsatkichi. Skrinshot: IQAir / Telegram / Mirzo Zominiy
Bundan tashqari, Air.Tashkent portali ham 4-fevral kuni havo sifati indeksi (AQI) asosan zararli bo‘lganini qayd etgan. Kunning oxiriga borib AQI darajasi 210 (Juda zararli) ga teng bo‘lgan.
Bundan tashqari, IQAir platformasida ham yanvar oxiri va fevral boshida havo sifati zararli darajada bo‘lganini qayd etgan. O‘sha kuni PM2,5 zarrachalari o‘rtacha miqdori 121 mkg/m³ ni tashkil etgan. Bu ham JSST tomonidan tavsiya etilgan havo sifatining o‘rtacha yillik ko‘rsatkichidan (6 mkg/m3), ham O‘zbekiston standarti bo‘yicha ruxsat etilgan konsentratsiyadan (35 mkg/m3) yuqori.
28-yanvar kuni ham Toshkentda havo sifati keskin yomonlashdi. O‘sha kuni soat 18:00 da havodagi mayda dispers PM2,5 zarrachalarining (diametri 2,5 mikrometr yoki 0,0025 millimetrgacha) miqdori 1 kub santimetr uchun 254,139 mikrogrammni tashkil qilgan. Bu O‘zbekiston standarti bo‘yicha ruxsat etilgan konsentratsiyadan (35 mkg/m3) 7,26 marta ko‘p, degani.
Ertalab soat 9:00 da PM2,5 ko‘rsatkichi 98,964 mkg/m3 yoki REKdan 2,82 marta, bir kun avval esa 141,225 mkg/m3 yoki REKdan 4,035 marta ko‘proq edi.
Poytaxt aholisi ifloslanishni hech bir uskunasiz his qildi — havoda so‘nggi yillarda tanish bo‘lib ulgurgan kuyundi hidi paydo bo‘ldi, lekin shu kuni u ayniqsa o‘tkir bo‘ldi. Olisdagi ko‘plab binolar tuman tushgandek deyarli ko‘rinmay qoldi.
Biroq bu tumanmidi yoki smog — ko‘plab ijtimoiy tarmoq blogerlari va aholi orasida bu savol paydo bo‘lganiga qaramay, biror davlat organidan javob bo‘lmadi.
Havo ifloslanishi odamlar o‘limiga sabab bo‘ladi
2024-yil oktabr oyida Jahon banki Toshkentdagi havo sifatini baholash to‘g‘risida hisobotni e’lon qildi. Unda qayd etilishicha, Toshkentda havo ifloslanishi har yili 3000 dan ortiq kishining bevaqt o‘limiga sabab bo‘lmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Toshkent havosini asosiy ifloslantiruvchilardan biri diametri 2,5 mikron (PM2,5) bo‘lgan qattiq mayda dispers zarrachalardir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ularni aholi salomatligi uchun eng xavfli ifloslantiruvchilardan biri deb hisoblaydi. Global monitoring bilan shug‘ullanuvchi IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent Markaziy Osiyoning boshqa ko‘plab shaharlari singari muntazam ravishda havoning ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrida PM2,5 zarrachalarining konsentratsiyasi, ayniqsa, qish oylarida yuqori bo‘lib, xalqaro me’yorlardan ancha yuqori. Poytaxtda ifloslanishning o‘rtacha yillik darajasi JSST tavsiya etgan darajadan (6 mkg/m3) 6 baravar yuqori. Bu esa aholi salomatligiga ham, shahar iqtisodiyotiga ham jiddiy zarar yetkazmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, havo ifloslanishining zarari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 0,7 foizini tashkil etishi mumkin.
Toshkentdagi PM2,5 havo ifloslanishining asosiy manbalari — bu isitish sektori (28%), transport (16%) va sanoat (13%). Toshkent shahridagi antropogen PM2,5 tashlamalarining umumiy yillik hajmining 18 foizini qurilish ishlari natijasida hosil bo‘lgan shahar changi va yo‘l changi resuspenziyasi (ilgari yo‘l yuzasida o‘rnashib qolgan mayda chang zarrachalarining havoga qayta ko‘tarilishi jarayoni) tashkil etadi.