2023-yildan buyon O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgan Ravshan Usmanov mamlakatning Islandiyadagi birinchi elchisi bo‘ldi. “Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, u Islandiya prezidenti Xalla Tomasdottirga ishonch yorliqlarini topshirdi.
O‘zbekiston va Islandiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1997-yil 25-sentabrda o‘rnatilgan. Mamlakat prezidenti ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston elchisining ushbu mamlakatga tayinlanishini olqishladi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, savdo-iqtisodiy, madaniy va turizm sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Xalla Tomasdottir energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish, baliqchilik, turizm hamda atrof-muhitni himoya qilish kabi sohalardagi hamkorlik ikki tomonlama manfaatli bo‘lishini ta’kidladi.
Ravshan Usmanov (1978-yilda tug‘ilgan) 2023-yil oxirida Londondagi elchi etib tayinlangan edi. U Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Toshkent davlat yuridik instituti (hozirgi universitet) bitiruvchisi hisoblanadi. Usmanov Fransiya, shu bilan birga o‘rindoshlik asosida Italiya va Portugaliyada ham elchi bo‘lgan.