Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 7-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekistonda IT xizmatlari hajmi va eksportini oshirishga doir topshiriqlar berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga olib chiqish vaqti kelgani ta’kidlangan.
Faqat texnik xizmat ko‘rsatish bilan cheklanmay, buxgalteriya, konsalting, sug‘urta, yuridik va boshqa professional xizmatlar eksportini yo‘lga qo‘yish kerakligi qo‘shimcha qilingan.
Mutasaddilarga xorijiy davlatlarning xizmatlar importini va talablarini tahlil qilib, o‘quv dasturlarini shunga moslash va tegishli mutaxassislarni tayyorlash topshirildi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, bu yil kreativ iqtisodiyotdagi startap loyihalar uchun 50 million dollar ajratildi.
Misol uchun, Amazon`da ishlab, Nukusga qaytib kelgan Beknazar Abdukamolov startap loyihasiga Facebook`dan 3 million dollar jalb qilgani uchun bugungi kunda aktivlari 15 million dollarga baholanmoqda, deyiladi xabarda.
Hozirda dunyoning yirik IT kompaniyalarida ishlayotgan bunday yuzlab o‘zbekistonlik yoshlar bor. Raqamli texnologiyalar vazirligiga shunday yoshlar bilan birgalikda startap loyihalarini amalga oshirish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, 2025-yilda IT xizmatlari hajmini 30 foizga o‘stirib, 80 trillion so‘mdan, eksportini 1 milliard dollardan oshirish zarurligi ta’kidlandi.