O‘zbekiston hukumati huzuridagi Migratsiya agentligi vatandoshlarni tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha bir qator Rossiya kompaniyalari bilan shartnomalar imzoladi, deb xabar qildi idora matbuot xizmati.
Agentlik direktori Behzod Musayev Moskvaga xizmat safari davomida Rossiyada faoliyat yuritayotgan 20 ga yaqin kompaniya rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Muloqot tomonlar uchun samarali kechdi. Yakunda Ant Yapi, Ozon Community, PEK va SPAR Middle Volga kompaniyalari bilan 7000 nafar hamyurtimizni mazkur kompaniyalarga tashkiliy tarzda ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Qayd etilishicha, ulardagi sharoit, oylik maoshlar o‘rganilgan. Nomzodlarni saralash tadbirlari O‘zbekiston hududlarida fevral oyida bo‘lib o‘tadi.
Ant Yapi — Turkiya qurilish xoldingi. Kompaniyaning Rossiyadagi obyektlaridan birida allaqachon 800 ga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qilmoqda. Agentlik delegatsiyasi ish va yashash sharoitlari bilan tanishdi.
2024-yil dekabr holatiga ko‘ra, Rossiyadagi Ant Yapi obyektlarida jami 20 mingga yaqin o‘zbekistonlik ishlagan. O‘shanda Migratsiya agentligi xoldingga qurilish sohasida yana 2000 nafar mutaxassisga ehtiyoj borligini ma’lum qilgandi.
Yanvar oyida Migratsiya agentligi Rossiyaning Ozon Community kompaniyasi omborlarida ishlash uchun buxoroliklarni 450 ta ish o‘rniga ishga qabul qildi. Taklif etilayotgan ish haqi 70−100 ming rublni (9,4−13,4 mln so‘m) tashkil etdi.
Rossiyaning PEK logistika kompaniyasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida yuk tashish bilan shug‘ullanadi. 2022-yil sentabr oyida kompaniya Toshkentda o‘z filialini ochdi.
SPAR Middle Volga — SPAR xalqaro brendining savdo tarmoqlarini boshqaruvchi Rossiya kompaniyasi. Ilgari bu kompaniya ham PEK kabi O‘zbekistondan xodimlarni jalb qilgan.