O‘zbekiston davlat banklari onlayn xizmatlarni rivojlantirish va aholi uchun jozibador moliyaviy mahsulotlarni yaratishda xususiy banklardan ortda qolmoqda. Bu haqda 7-fevral kuni xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

O‘tgan yili xususiy banklarda masofaviy xizmatlardan foydalanuvchilar soni 32 foizga oshgan bo‘lsa, davlat banklarida bu o‘sish atigi 13 foizni tashkil etdi.

Davlat rahbari masofaviy xizmatlar hajmini joriy yilda kamida 30 foizga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Misol uchun, kadastr, soliq, adliya idoralarining bazasi banklar axborot tizimiga integratsiya qilinsa, garovga qo‘yilgan mulkni notariusga borib, taqiq qo‘yish amaliyoti bekor bo‘ladi, dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev mutasaddi idoralarga onlayn kredit olish tartibini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 1-noyabrdan boshlab Markaziy bank firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirilib, so‘ngra p2p-operatsiyalar orqali kartalardan mablag‘lar yechib olinadigan onlayn kreditlar berish tartibiga cheklovlar joriy etdi. Bunday holatlarga qarshi kurashish uchun “sovish davri” va qo‘shimcha identifikatsiya joriy etilmoqda.

Bugungi kunda garovga qo‘yilgan mol-mulkni begonalashtirishga taqiq qo‘yish tartibi notarial rasmiylashtirishni talab qiladi. “Garov to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga ko‘ra, ko‘chmas mulk garovi to‘g‘risidagi shartnoma notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart. Bunda notarius shartnomani tasdiqlash bilan bir vaqtda garovni begonalashtirishni taqiqlagan.

Biroq 2022-yil 1-oktabrdan boshlab xatlangan yoki boshqa shaxslarga berilishi taqiqlangan mol-mulk to‘g‘risidagi ma’lumotlar banki ishga tushirilgan. O‘shandan buyon garov (ipoteka) shartnomalarini rasmiylashtirgan banklar va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan mol-mulkka taqiq qo‘yish va uni olib tashlash “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali mustaqil ravishda amalga oshiriladi.